Konstitutsiya targ‘iboti
Konstitutsiya loyihasida inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqda, shuningdek konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar doirasi kengaymoqda. Chunonchi, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi tarixda ilk bor konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda. Qolaversa, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanyapti.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi jazoni ijro etish departamenti uchinchi mintaqaviy hudud 40-son manzil koloniyasida tashkil etilgan tadbirda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyati xususida so‘z bordi.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda Guliston tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Sh.Iskanov Loyihada nazarda tutilgan yangiliklar, xususan shaxsiy huquq va erkinliklarni ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirishlar, referendum qonunchiligi, referendumda ovoz berish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilarning konstitutsiyaviy islohotlarga oid savollariga tegishli javoblar berildi.
Sh. Suyarov, O‘zA