French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya ta’lim olishda tenglikni kafolatlaydi
10:30 / 2025-12-07

Har bir ota-onaning yuragida farzandim bilimli, ertangi kuni go‘zal bo‘lsin, degan orzu bor. Ana shu orzularni haqiqatga aylantirishda eng asosiy poydevor Konstitutsiyamizning 50-moddasidir.

Unga ko‘ra, “Har kim ta’lim olish huquqiga ega.” Bu, har bir bola, har bir yosh, har bir inson uchun davlat tomonidan kafolatlangan imkoniyatdir.

50-moddada qayd etilgan qoidalar bizning hayotimiz, farzandlarimiz taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari,davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi. Bu degani, inson qaysi yoshda bo‘lishidan qat’i nazar — yangi kasb egallash, bilim olish imkoniyati doimo ochiq.

Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Buni biz bog‘chalar soni ortishi, sharoitlar yaxshilanishi, tarbiya jarayonining zamonaviy asosda tashkil etilayotganidan ko‘rib turibmiz.

Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir. Ya’ni, har bir bola maktabda bilim olish huquqiga ega va bu huquq davlat tomonidan himoya qilinadi.

Ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanadi. Chunki, har bir bola — alohida olam. Ular ham jamiyatda o‘z o‘rniga, o‘z imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.

Maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratidadir. Bu esa sifat, mas’uliyat va adolatni ta’minlaydi.

Konstitutsiyamizning 50-moddasi — bu faqat huquqiy me’yor emas. Bu — farzandlarimiz taqdiriga bog‘langan, kelajagiga qo‘yilgan eng katta investitsiya. Bugungi ta’limdagi islohotlar, yangi maktablar, zamonaviy o‘quv dasturlari, raqamli imkoniyatlar — barchasi shu moddaning hayotdagi amaliy ifodasidir.

Nigora Rahmonova, O‘zA