Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya — ranglar jilosida
15:23 / 2022-12-06

8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi sifatida demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, aholining erkin va obod turmushini ta’minlash, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish hamda barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. 1992 yil 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun.  

Ayni kunlarda Bosh qomusimizning 30 yilligi munosabati bilan barcha tashkilot va idoralarda, mehnat jamoalarida bayram tadbirlari, ko‘rik-tanlov va davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi tomonidan fuqarolar, xususan, yoshlarning siyosiy bilimlarini hamda huquqiy madaniyatini yanada oshirishga qaratilgan qator tanlovlar o‘tkazilmoqda. "Konstitutsiya — ranglar jilosida" ijodiy ko‘rik-tanlovi ushbu yo‘nalishdagi tadbirlardan biridir.    

Mazkur tanlov yakunlariga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur, shuningdek, taniqli san’atshunoslar, huquqshunoslar, siyosatchilar, partiya faollari, yoshlar ishtirok etdi. Qator tashkilotlar hamkorligida  tashkil etilgan rasmlar ko‘rik-tanlovining g‘olibi bo‘lgan iste’dodli yoshlar taqdirlandi.  

— Ushbu tanlovda barcha viloyatlardan 18 yoshgacha bo‘lgan ko‘plab iste’dodli yoshlar ishtirok etib, o‘zlarining qobiliyatini va Bosh qomusimizni anglashga, o‘rganishga, tahlil etishga bo‘lgan qiziqishlarini namoyon qildilar, — deydi partiya Markaziy apparati bo‘lim boshlig‘i Mirshod Qo‘ldoshev. — Taniqli san’atshunoslar, tajribali huquqshunoslar va qator soha mutaxassislaridan tashkil topgan tanlov hay’ati tomonidan jarayonlarda 4 minga yaqin rasmlar e’tibor bilan tahlil etilib, adolat mezonlari asosida baholab borildi.  

Har bir viloyat kesimida Konstitutsiyamizning muqaddima va 128 ta moddasi bo‘yicha eng munosib rasmlar respublika bosqichiga tavsiya etildi. Respublika bosqichida esa 14 ta viloyatdan kelgan rasmlar orasidan tanlov talablariga eng munosib deb topilgan rasmlar saralab olindi va "Konstitutsiya — ranglar jilosida" nomli kitobga kiritildi. Iqtidor egalarining yuksak did va mahorat bilan ishlangan rasmlari kitobga jamlangani Bosh qomusimizning 30 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.  

Tadbirda Asosiy qonunimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etishda barcha soha vakillari faol bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, yosh avlodni Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash barchaning asosiy burchi ekanligi, ushbu yo‘nalishdagi tashabbus va loyihalar an’anaviy tarzda tashkil etilishi aytib o‘tildi.  

Muhtarama Komilova,  O‘zA