Oliy sudda Konstitutsiya qabul qilinganining 33 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov Konstitutsiya mamlakatimiz taraqqiyoti, jamiyatning rivoji hamda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Yangilangan Konstitutsiyada Yangi O‘zbekiston strategiyasining siyosiy-huquqiy asoslari yaratilib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Prezidentimizning “Asosiy maqsadimiz, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish orqali xalqimizning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini qat’iy mustahkamlash, sudni tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirishdan iboratdir” degan konseptual fikrlari sohadagi islohotlarning asosiy maqsad va vazifalarini belgilab berdi.
Soha rivoji va islohotlarni amalga oshirishda davlatimiz rahbarining sud-huquq sohasi samaradorligini oshirishga qaratilgan e’tibori alohida ta’kidlandi. Darhaqiqat, sud hokimiyatining tom ma’nodagi mustaqilligini ta’minlash, tizimning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlashga yuksak darajada e’tibor qaratib kelinmoqda.

Bosh Qomusimizning 15-moddasiga ko‘ra, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Asosiy qonun mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.
Konstitutsiya yangi tahrirda qabul qilingandan so‘ng, bugungi kunga qadar respublika sudlari tomonidan chiqarilgan 441 mingdan ortiq sud qarorlarida bevosita Konstitutsiya normalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanildi.
Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov, Sudyalar assotsiatsiyasi raisi U.Mingboyev va “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisining o‘rinbosari O.Parpiboyeva ishtirokchilarni bayram bilan qutlab, demokratik huquqiy davlatning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan sud-huquq tizimini chuqur isloh etish va inson huquqlarini kafolatli himoya qilishda Konstitutsiya muhim o‘rin tutayotganiga e’tibor qaratdi.
Tantanali tadbirda bir guruh sud faxriylari, sudya va xodimlar Oliy sud raisining farmoyishi bilan ta’sis etilgan “Benuqson xizmati uchun” ko‘krak nishoni hamda tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Bir guruh sudya va sud faxriylari Sudyalar oliy kengashi tomonidan mukofotlandi.
N.Abduraimova, O‘zA