Samarqanddagi “Uz truck and bus motors” qo‘shma korxonasida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan shu nomdagi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Viloyat yoshlar va Samarqanddagi avtozavodlar ishchi-xodimlari ishtirok etgan tadbirda yangilanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xususida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, turli soha vakillari o‘z hayotiy tajribalari asosida Bosh qonunimizdagi yangiliklar mazmun-mohiyatini ifoda etishdi.
– Barcha sohalarda bo‘lgani kabi soliq siyosatida ham keyingi yillarda tub islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat soliq boshqarmasi bosh inspektori Akobir Shamsiyev. – Bevosita soliq to‘lovchi sifatida aholining katta qismi ushbu jarayonga guvoh bo‘lmoqda. Sohadagi yangiliklar tufayli aholiga ham, tadbirkorlarga ham o‘z hududidan kelib chiqqan holda soliq hisoblanishi tizimda adolat o‘rnatdi, desam yanglishmayman. Chekka hududlar uchun qo‘llanilayotgan imtiyozlar, soliq xizmatining nazoratchi emas ko‘makchi sifatida faoliyat ko‘rsatishi Konstitutsiyamizdagi ayni o‘zgarishlarning isboti va bu jarayon referendumdan keyin yanada jadallashadi. Chunki, Asosiy qonunimizdagi o‘zgarishlar insonparvarlik tamoyillarga asoslanmoqda. Shunday ekan, referendumda barchamiz faol bo‘lishimiz lozim.
[gallery-11187]
– Yangilanayotgan Konstitutsiya xalqimizning huquq va manfaatlari, erkinliklarining himoyasini har tomonlama ta’minlaydi, deb hisoblayman, – deydi “Uz truck and bus motors” qo‘shma korxonasi departament direktori Alibek Abduhamidov. – Chunki, Bosh qomusimiz tubdan isloh qilinmoqda. Uning mazmun-mohiyatida ham inson omili oliy maqsad qilib olingan. Buni ilk moddadan anglab yetish mumkin: “O‘zbekiston – suveren respublika, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlat”. Bundan anglashiladiki, ayni paytda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy islohotlar uzviy davom etadi. Huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy, demokratik davlatda barcha birdek ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardan bahramand bo‘ladi. Tuman kengashi deputati sifatida joylarda ijtimoiy sohadagi islohotlardan xabardorligim bois ushbu yo‘nalishlarda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilishiga ishonaman. Shuning uchun referendumda ishtirok etib, albatta, yangilanayotgan Konstitutsiyamizga o‘z munosabatimni bildiraman.
Targ‘ibot tadbiri davomida elimiz suygan san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi ham namoyish etildi. Shu kabi targ‘ibot tadbiri “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida ham o‘tkazildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA