Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya — o‘zimizniki
13:05 / 2023-03-25

Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida "Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki. Konstitutsiya o‘zimizniki" shiori ostida umumta’lim maktabi direktorlari va o‘qituvchilari ishtirokida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlarning mazmun-mohiyati, ta’lim rivoji va o‘qituvchilar hayotidagi o‘rniga doir muhim jihatlar xususida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, yangilanayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi matnining 50- va 52-moddalarida maktab va maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha qator huquqiy asoslar keltirib o‘tilgan. Jumladan, davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olish kafolatlanishiga doir muhim jihatlar qayd etilgan. Shuningdek, o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligini ta’minlashga qaratilgan asosiy jihatlar tilga olingan.  

Tadbir davomida "Xalq ta’limi a’lochisi", Guliston tumanidagi 15-umumta’lim maktabining oliy toifali o‘qituvchisi Sohiba Tursunqulova, "Zulfiya" nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Hilola Obidova," Mard o‘g‘lon" Davlat mukofoti sohibi Yorqinjon Hayitboyev va boshqalar mazkur huquqiy o‘zgartirishlarning soha rivojidagi ahamiyati va jamiyat farovonligini oshirishdagi o‘rni xususida gapirib, barchani joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.  

Tadbir davomida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining "Navbahor" ashula va raqs ansambli, "Dehqon bolalari" fol’klor jamoasi, "O‘zbekkonsert" birlashmasi xonandalarining musiqiy chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.  

Shuhrat Suyarov, O‘zA