O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatning asosiy huquqiy hujjati bo‘lib, jamiyatning erkin va adolatli taraqqiyotini ta’minlash, davlat organlari va jamiyat faoliyatining qonunga muvofiqligini nazarda tutishga yo‘naltirilgan. 1992 yilda qabul qilingan Konstitutsiya mamlakatimizning umumiy taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lidagi huquqiy poydevorni shakllantirdi. U O‘zbekistonning barcha qonunlariga asos soluvchi, ijtimoiy adolat, inson huquqlarini himoya qilish, demokratik institutsiyalar va rivojlangan bozor iqtisodiyotiga intilishni ta’minlaydigan asosiy hujjat hisoblanadi.
Davlat mustaqilligi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining asosiy prinsiplaridan biri davlatning mustaqilligi va uning hududiy yaxlitligidir. Konstitutsiyada O‘zbekistonning mustaqilligi har qanday tashqi ta’sirdan himoyalanishini ta’minlaydigan qonunlar ko‘rsatib o‘tilgan. Konstitutsiyada insonning huquq va erkinliklari, shu jumladan, tenglik, hayot, erkinlik va shaxsiy daxlsizlikni himoya qilish aniq belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, Konstitutsiyada fuqarolarning axborot olish, ta’lim olish, ishlash va o‘z fikrlarini erkin ifodalash huquqi mustahkamlangan. Konstitutsiyada demokratik prinsiplarning amalga oshirilishi, davlat organlarining xalqka hisobdorligi va fuqarolarning o‘zgarishlar jarayonida ishtirok etishi kafolatlangan. Ya’ni, mamlakatda parlament va mahalliy organlar faoliyati hamda saylovlar xalqaro standartlarga javob beradi. Mamlakat taraqqiyotiga yo‘naltirilgan iqtisodiy erkinlik. Konstitutsiyada bozor iqtisodiyotining erkin va barqaror ravnaq topishiga qaratilgan tamoyillar mustahkamlangan. Bu, o‘z navbatida, davlatning iqtisodiyotni hokimiyat organlari bilan hamkorlikda rivojlantirishga qaratilgan siyosatini muvofiqlashtiradi.
Konstitutsiyaning qabul qilinishi O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni ta’minlashda katta ahamiyatga ega. U ishlab chiqarish va resurslardan foydalanish, ta’lim va tibbiyot xizmatlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishga oid aniq normalarni o‘zida qamragan.
Konstitutsiyada mahalla institutlari faoliyatiga ham katta e’tibor qaratilgan. Mahalladagi aholi o‘zlarining ma’muriy, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarini hal qilishga qaratilgan mustaqil organlar va mexanizmlar mavjud. Bu mahallalarning davlat organlari bilan hamkorlikda jamiyat farovonligini ta’minlashga yordam beradi.
Konstitutsiya huquqiy davlatning barpo etilishini ta’minlashga qaratilgan. Bu esa, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarining davlat tomonidan muhofaza qilinishini, sud-huquq tizimining adolatli va shaffof ishlashini, korrupsiyaga qarshi kurashishni o‘z ichiga oladi. Konstitutsiya mamlakatda innovatsiyalarni rivojlantirish, ilm-fan va ta’lim sohasidagi islohotlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish sohasidagi sa’y-harakatlar ham Konstitutsiyaning muhim maqsadlaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatning demokratik, huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotining huquqiy kafolatidir. Uning amalga oshirilishi jamiyat farovonligini ta’minlashda, inson huquqlarini himoya qilishda va iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Konstitutsiyaning qo‘llab-quvvatlanishi va uning normalarining hayotga tatbiq etilishi mamlakatning barqaror rivoji va xalq farovonligining asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Sh.Murakayeva,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat
xavfsizligi universiteti o‘qituvchisi