Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya – mustahkam huquqiy poydevor
20:34 / 2025-12-05

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi – bu nafaqat tantanali sana, balki mamlakatimizning huquqiy davlat sifatidagi yutuqlarini qayta anglash va keyingi qadamlarni belgilash imkoniyatidir.

Konstitutsiyamizning «xalq konstitutsiyasi» deb atalishi haqli. Uning yaratilishi jarayonida 5 milliondan ortiq yurtdoshimiz loyiha bilan tanishgani, 220 mingdan ziyod taklif kelib tushgani, shuningdek, umumxalq referendumida ishtirok etgan fuqarolarning 90 foizdan ziyodi yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qo‘llab ovoz bergani buning yorqin dalilidir. Bu faollik xalqimizning o‘z kelajagiga, mustaqil Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi yuksak darajada ekanini namoyon etadi. Asosiy qonunimiz haqiqatan ham xalq irodasini ifodalashini yana bir bor tasdiqlaydi.

Konstitutsiyaning eng muhim jihati shundaki, unda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan. «Inson–jamiyat–davlat» tamoyilining huquqiy jihatdan mustahkamlanishi natijasida davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy qiyofasi tubdan o‘zgardi. Inson huquqlari va erkinliklari qonunlarimiz hamda har bir davlat organi faoliyatining asosiy mazmuniga aylandi.

Yangilangan Konstitutsiyaning muhim yutuqlaridan biri – fuqarolik jamiyati institutlariga konstitutsiyaviy maqom berilishi bo‘ldi. XIII bobning nomi «Jamoat birlashmalari»dan «Fuqarolik jamiyati institutlari»ga o‘zgartirildi. Bu o‘zgarish shakliy emas, balki mazmunan juda muhim qadamdir.

Asosiy qonunga muvofiq, fuqarolik jamiyati institutlari – jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari jamiyatning asosini tashkil etadi. Davlat ularning huquq va manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, jamiyat hayotida ishtirok etishlari uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi.

So‘nggi besh yilda nodavlat notijorat tashkilotlari soni sezilarli darajada oshdi. Respublika bo‘yicha 200 ga yaqin yirik NNT faoliyat yuritmoqda. Vazirlar Mahkamasiga fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, ularga davlat byudjeti shakllanishi va ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish vakolati berildi.

Konstitutsiyaning 65-moddasi iqtisodiyot sohasidagi muhim tamoyillarni belgilaydi. Unga ko‘ra, fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan milliy iqtisodiyotning negizini xilma-xil mulk shakllari tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, iste’molchilar huquqlarini ustuvor hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.

Ushbu konstitutsiyaviy normalar asosida mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashmoqda. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bu borada alohida o‘rin tutadi. Federatsiya iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, bozor iqtisodiyotida adolatli va halol raqobat muhitini yaratishda muhim rol o‘ynamoqda. Uning faoliyati qonunchilikning amalda qo‘llanishini ta’minlash, huquqiy maslahat va ko‘mak ko‘rsatish, sifatsiz mahsulot va xizmatlarga qarshi kurashishda katta ahamiyatga ega.

Konstitutsiyada davlat organlari va mansabdor shaxslarning NNTlar faoliyatiga aralashishiga, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligi Asosiy qonun darajasida mustahkamlandi. Bu norma davlat va fuqarolik jamiyati munosabatlarining muvozanatli va o‘zaro hurmatga asoslanganini ko‘rsatadi.

Konstitutsiyamizning yana bir muhim jihati – uning demokratik tamoyillarga asoslanganidir. Davlat hokimiyati tarmoqlarining ajralishi, bir-birini tiyib-muvozanatlash mexanizmi, saylov tizimining ochiqligi va fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy maqomi aniq belgilab qo‘yilgan.

Parlamentarizmni kuchaytirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yildi. Qonunchilik palatasi va Senat vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etildi, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilandi.  

Konstitutsiyada tadbirkorlar va investorlar huquqlari mustahkam kafolatlangan. Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashi, bozor munosabatlarini rivojlantirishi va halol raqobat uchun sharoit yaratishi qayd etilgan. Bu normaning amalda qo‘llanishi iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga, sifatli mahsulot va xizmatlar bozorini shakllantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida e’tirof etildi. Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi. Aholi salomatligini muhofaza qilish, ta’lim olish huquqi va mehnat huquqi konstitutsiyaviy darajada kafolatlangan.

Yangilangan Konstitutsiyamiz xalqimiz irodasi, ozod va farovon hayot sari intilishimiz ramzi bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida asosiy dasturulamal sifatida xizmat qilaveradi. Insonni qadrlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konstitutsiyamizning asosiy g‘oyasi va maqsadidir.

Jahongir Sarimsoqov,

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya

qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi.