Joriy yilning 30 aprel kuni mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumi o‘tkaziladi.
Ayni kunlarda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum oldi yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi o‘zgarishlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu tadbirlarda O‘zbekiston va uning fuqarolari faravonligini ta’minlashga huquqiy asos bo‘lib xizmat qiluvchi Bosh qomusimizdagi o‘zgartirishlar har bir sohani qamrab olganiga alohida urg‘u berilmoqda.
Ma’lumki, ilmni yetkazishda o‘qituvchilarning alohida o‘rni bor. O‘qituvchi-murabbiylar, oliygoh professor-o‘qituvchilari odamlarning ongu tafakkurini o‘zgartiruvchi kuchdir. Bu esa yillar davomida o‘z isbotini topgan hayotiy haqiqat bo‘lib, hech kim buni inkor eta olmaydi.

Shundan kelib chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida yosh avlod ta’lim-tarbiyasi va o‘qituvchilarning sha’ni hamda qadr-qimmatini himoya qilishga doir qator muhim huquqiy asoslar o‘z ifodasini topgan.
Ta’lim sohasi, xususan, fuqarolarning maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida tahsil olishi, o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir qator muhim huquqiy asoslar keltirib o‘tilgan.
Yangilanayotgan Bosh qomusimizga aybsizlik prezumpsiyasi, uy-joy daxlsizligi, qonunda cheklanmagan har qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanish erkinligi, ishsizlikdan himoyalanish kabi normalar kirtilmoqda. Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ta’lim olish huquqi va imkoniyati ham kengaytirilib, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘lishi yangi normalar bilan mustahkamlanmoqda.
Masalan, oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun keng imkoniyat yaratadi.
Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlashi haqidagi qoidalar ham mustahkamlanmoqda.
Shu o‘rinda aytish kerakki, har qanday huquq, shu jumladan, ta’lim olish huquqi ham ma’lum ma’noda majburiyat ham hisoblanadi. Boz ustiga, qonunchilik hamda yuridik amaliyot shuni ko‘rsatadiki, ko‘pgina huquqlar odamlarda faqat inson tomondan qandaydir ijtimoiy va yuridik majburiyatlar bajarilgandan keyin paydo bo‘ladi.
Ya’ni, har birimiz bizga ijtimoiy kommunikatsiyaning ma’lum darajasini kafolatlaydigan bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishimiz kerak. Bizning yurtimizda minimal ma’lumotga ega bo‘lish majburiyati maktab ta’lim tizimi bilan bog‘liq va yuridik jihatdan Konstitutsiya va boshqa huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan. Bunda asosiy majburiyat davlat va ota-onalarga yuklatilgan.
Jumladan, Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasi 77-moddasida ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar kadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishi shartligi belgilanmoqda.
Demak, farzandlarning ta’lim orqali hayotda o‘z o‘rnini topishida, birinchi navbatda, aynan ota-onalar mas’ul ekanligini unutmasligimiz darkor. Zero, farzandlarimiz nafaqat bizning, balki butun yurtimizning ertangi kuni.
Xalqchil, inson qadr-qimmatini ulug‘lash, fuqarolar huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlashga, bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz, yurtimiz yorqin kelajagini ta’minlashga oid normalarni o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasini shu yurtning bir fuqarosi sifatida to‘la qo‘llab-quvvatlayman.
Qolaversa, qonun loyihasida belgilangan normalar partiyamiz dasturiy maqsad va vazifalari bilan hamohang ekanligi, ayniqsa, ijtimoiy himoya masalasiga alohida e’tibor qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Yangilanayotgan konstitutsiya bizniki, barchamizniki.
Asqar RASULOV,
O‘zDJTSU Sport huquqi, ijtimoiy
va tabiiy-ilmiy fanlar kafedrasi
katta o‘qituvchisi
O‘zA