FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi markaziy apparati majlislar zalida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda yoshlarning taklif va tashabbuslari» mavzusida onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalarni hayotga tatbiq etish hamda mamlakatimizdagi siyosiy islohotlarda yoshlarning faolligini yanada oshirish, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha yoshlardan takliflar olishni maqsad qilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, «Adolat» SDP siyosiy kengashi markaziy apparati xodimlari, Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi «Yoshlar parlamenti» a’zolari, partiyaning «Yosh adolatchilar qanoti» Respublika va hududiy Kengashlari raislari va a’zolari, partiyaning faol yoshlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda zamon talablari asosida o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotgan Konstitutsiya O‘zbekistonda mamlakatni uzoq muddatli rivojlantirish uchun huquqiy asos bo‘lishi, davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, gibrid tarzda (bir vaqtning o‘zida onlayn va oflayn) tashkil etilgan mazkur tadbirda mamlakatimizning turli hududlaridan ZOOM platformasi orqali ishtirok etgan partiyaning tashabbuskor yoshlari ayni davrda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, xususan, Harakatlar strategiyasidan - Taraqqiyot strategiyasiga o‘tish jarayonlari, Bosh qomusimizni «inson – jamiyat – davlat» tamoyili asosida takomillashtirishning hayotiy zarurati va ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirdilar.
Davron ERNAZAROV (surat),O‘zA