Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya — mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati
18:52 / 2023-05-10

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilinib, konstitutsiyaviy qonun 2023 yilning 1 may sanasidan kuchga kirdi.

Jarayonlarning eng boshidan xalq fikri, xohish-istagiga tayanilgani katta ahamiyatga ega. Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish ishlari qariyb bir yil davom etgan bo‘lsa, shu vaqt ichida yurtdoshlarimiz bunga befarq bo‘lmadi, o‘z faolligini namoyon etdi. Shu yurtda istiqomat qilayotgan har bir inson loyiha bo‘yicha o‘z munosabati, fikr va takliflarini berishi uchun keng maydon yaratildi. Takliflar esa shunchaki qabul qilinmadi, balki aksariyati inobatga olinib, qonun loyihasiga kiritildi.  

Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan bo‘lsa, ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olib, Konstitutsiya 65 foizga yangilandi va yangilangan Bosh qomusimiz xalq Konstitutsiyasiga aylandi. Ayniqsa, xalq hokimiyatini kuchaytirish, parlamentning roli va mas’uliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish kabi qator normalar kiritilgani ayni muddao bo‘ldi.  

Nihoyat, referendum sanasi kelib, xorij davlatlari ham jarayonni kuzatib bordi. Aytish lozimki, mamlakatimizda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash borasidagi ishlar kengayib bormoqda. Buni referendum o‘tkazish chog‘ida ham ko‘rdik, hatto, ushbu jihat xalqaro kuzatuvchilar tomonidan e’tirof etildi.  

Birgina Jizzax shahri misolida oladigan bo‘lsak, referendum uchastkalarida kechayotgan jarayonlar bilan tanishish asnosida tojikistonlik xalqaro kuzatuvchilar Viktor Kim va Rustam Haydarov yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadi. Ular rivojlanishni maqsad qilgan har qanday mamlakat insonlarning erkin va farovon hayotini kafolatlaydigan Konstitutsiyani qabul qilmog‘i lozimligi, O‘zbekiston bu yo‘lda dadil qadam tashlayotganligini e’tirof etdi.  

Referendum davomida xorijlik kuzatuvchilar tomonidan jarayonga xolis baho beriladi, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar aytilib, jarayon yakuni bo‘yicha xulosa va takliflar taqdim etiladi. Kelgusi siyosiy tadbirlarni amalga oshirishda ushbu xulosa va takliflar muhim hisoblanadi.  

Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarning fikrlari referendumning qonuniyligi xalqaro miqyosda tan olinishiga va davlatning imidjiga ta’sir etadi. bugungi kunda siyosiy jarayonlarni kuzatish va monitoring ishlarini olib borish bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi, Yevropa Ittifoqi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA), Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) kabi ko‘plab xorijiy institutlar mavjud. Yurtimizda tashkil etilgan referendum esa dunyo talablari asosida o‘tkazilganini xorijlik kuzatuvchilar ham tasdiqladi.  

Hech shubhasiz bu katta va mas’uliyatli jarayon, xalq ovozining ifodasi ekanini har birimiz his etib turibmiz. Fuqarolar o‘z kelajagi, yanada farovon hayoti uchun ovoz berdi. Zero, yangi Konstitutsiyada aholini qiynab kelayotgan dolzarb masalalalar, muammolarga aniq yechimlar kiritilgan. Ulardan biri aholi bandligi va bunda gender tenglikni ta’minlash bilan bog‘liq.  

Tan olishimiz kerak, bugungacha xotin-qizlarni ayrim tashkilotlarga ishga qabul qilishda “yozilmagan qoidalar” to‘sqinlik qilar edi. Endilikda, bunday holatlarga chek qo‘yiladi. Jumladan, Yangi Konstitutsiyaning 42-moddasida: “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish ta’qiqlanadi”, deb belgilab qo‘yildi. Bu jamiyatimizda ayollar va erkaklar teng huquqliligi, har bir shaxs eng kam ish haqi olganda ham munosib hayot kechirishi va eng asosiysi, mehnat sharoiti talab darajasida bo‘lgan holatda ishlashini ta’minlashi shubhasiz.  

Yangidan qabul qilingan Konstitutsiyamizning 43-moddasida esa “Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi. Davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etadi hamda rag‘batlantiradi” deyilgan. Bu ham aholining ijtimoiy himoyasi yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.  

Xo‘sh, yangi qabul qilingan Konstitutsiyadan nimalar kutilyapti?  

Oliy ta’lim sohasida faoliyat yuritganim bois, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayogan hech bir islohot meni befarq qoldirmaydi. Shuning uchun yangi Konstitutsiyadagi ta’lim, ilm-fan yo‘nalishi, mehnat munosabatlariga doir kiritilgan o‘zgarishlardan, ayniqsa, quvondim. Ular jamoatchilik uchun ham kutilgan yangiliklardan bo‘ldi.  

Davlatimiz rahbarining “Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”, degan ta’kidi bugungi zamonaviy hayotni ilm-ma’rifat va ta’limning taraqqiyotisiz tasavvur etib bo‘lmasligini yaqqol namoyon etadi. Zero, dunyoning eng yetakchi davlatlari ham mamlakatning kelgusi ravnaqiga ta’limni rivojlantirish orqaligina erishish mumkinligini inkor etmayapti.  

Bugun yurtimizda istiqbolli ta’lim texnologiyalari, yangi axborot-kommunikatsiya vositalari, innovatsion pedagogik yechimlar va ijtimoiy texnologiyalardan keng foydalanish talabi ortmoqda. O‘z navbatida, oliy ta’lim muassasasalariga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, qo‘yilayotgan talablar ham ko‘payib boryapti. Chunki ta’lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va ta’lim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish kabi yo‘nalishlarda ish olib borish ta’lim jarayonini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun xizmat qiladi. Ushbu jarayonda esa ta’lim olish, o‘qituvchi nufuzi, ilm-fan, badiiy ijod erkinligining ta’minlanishi maqsadga muvofiqdir.  

Oliy ta’lim muassasalari haqida gap ketganda, Prezidentimizning “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga to‘xtalmaslikning imkoni yo‘q. Boisi, qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan boshlab 35 ta yetakchi davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berildi. Bu mamlakatimiz ta’lim tizimida kutilmagan yangilik bo‘ldi. Yangi Konstitutsiyaning 51-moddasida ham oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga egaligi alohida ta’kidlangan. Bu jihat kelgusida oliy ta’lim ravnaqini ta’minlash, fuqarolarning oliy ma’lumot olishga imkoniyati kengayishining yorqin namunasidir.  

Konstitutsiyamizning 52-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi”, deya mustahkamlanishi jamiyatimizda ham sharafli, ham mashaqqatli kasb egalarining mehnatiga munosib baho berilishining yorqin isboti, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.  

O‘qituvchilarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lish, ularga jismoniy shikast yetkazish holatlari urchib turgani bor haqiqat. Bu esa o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida salbiy dunyoqarashning shakllanishiga, ilk saboqlarni o‘rgatgan ustozga nisbatan bepisandlik bilan qarashga tutrki bo‘layotgani ham bor gap. Endilikda, Bosh Qomusimizda o‘qituvchilar alohida e’tirof etilgani jamiyatimizda bu holatlarning oldini oladi.  

Ushbu moddalarning kiritilishi, o‘z navbatida, har bir ta’lim sohasi xodimi – pedagoglarga faxr-iftixor bag‘ishlagan bo‘lsa ajab emas. Chunki ustozlar huquq sohasi vakili bo‘lmagan, lekin oliy qonunda alohida tilga olingan yagona kasb egalariga aylandi.  

Yana bir masala – mualliflik huquqini himoya qilish. Ayniqsa, ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar rivojlanib borayotgan hozirgi davrda bu yanada dolzarblik kasb etadi. Masalan, Jizzax politexnika instituti professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari tomonidan ko‘plab texnik ishlanmalar, ixtirolar yaratilgan. Ularning ayrimlari amaliyotga tatbiq etilib, patent olingan, mualliflik huquqi berilgan. Ammo amalda bu borada ko‘plab muammolar yuzaga kelib turadi. Ayniqsa, oxirgi yillarda jamiyatimizda mualliflik huquqlarining buzilishi holatlari ko‘paygani ham aniq yechimlarni taqozo etayotgan edi.  

Avvallari texnikaning murakkabligi, jarayonning mashaqqatliligi hamda olingan nusxaning tannarxi ancha qimmatga tushishi tufayli mualliflar va qonuniy ishlab chiqaruvchilar huquqlarining buzilishi deyarli kuzatilmas edi. Bugunga kelib esa zamonaviy texnologiyalarning rivojlanishi ma’lumotlarni ko‘paytirish va tarqatish jarayonini o‘ta oson va arzon ishga aylantirib qo‘ydi. Garchand, O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risida” gi qonunida ushbu noqonuniy xatti-harakatlarga ta’rif berilib, jazo qo‘llanilgan bo‘lsada, sohada kamchiliklar hamon mavjud edi.  

Yangi Konstitutsiyamizning 53-moddasida intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlangani esa turgan gapki, ushbu kamchiliklarni bartaraf etadi. Shuningdek, davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi ham alohida ta’kidlangan. Demak, yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.  

Bir so‘z bilan aytganda, yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lishi barobarida, jamiyatni taraqqiy ettirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘laqonli ta’minlanishiga xizmat qiladi.  

Uning ishlab chiqilib, qabul qilinishida yoshlarning faol ishtirok etgani  kishini yanada quvontiradi. Bu yoshlar mamlakat taqdiriga daxldorlik hissini tuygan ekan, kelajakda O‘zbekiston rivojiga munosib hissa qo‘sha olishlariga aslo shubha yo‘q.  

Alisher Usmonqulov,  

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi,  

Jizzax politexnika instituti rektori,  

texnika fanlari doktori, professor  

O‘zA