French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya – kelajagimiz kafolati
16:24 / 2023-03-27

Andijon viloyati adliya boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan joylarda “Konstitutsiya – kelajagimiz kafolati” shiori ostida turli targ‘ibot tadbirlari, seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Andijon shahridagi harbiy qismda bo‘lib o‘tdi. Harbiy xizmatchilar ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonuni loyihasi mazmun-mohiyati hamda referendum o‘tkazish tartibi haqida huquqshunoslar tomonidan ma’lumot va tushunchalar berildi.

Davra suhbatida qarindoshlarining sudlanganligi asosi bilan shaxsning huquqlari cheklanishi mumkin emasligi qonun loyihasida qat’iy belgilanganligi ta’kidlandi. Jumladan, unga ko‘ra, harbiy sohaga ishga qirmoqchi bo‘lgan kishi yaqinlarining yo‘l qo‘ygan xatosi uchun javob bermasligi, konstitutsiyada belgilangan normaga asosan, bunday holat uning harbiy xizmatga kirishiga to‘sqinlik qila olmasligi tushuntirildi.

[gallery-11156]

Xonobod shahrida “Yangilanayotgan konstitutsiya – yurtimiz va xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos” mavzusida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida davlat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’ektlari vakillari, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Shahar adliya bo‘limi mutaxassislari tomonidan ishtirokchilarga xalqimiz, keng jamoatchilikning taklif va tashabbuslari asosida qomusimizdagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni esa 275 tadan 434 taga ko‘payganligi, konstitutsiya matni 65 foizga yangilanganligi haqida ma’lumotlar berildi.

Ana shu o‘zgarishlar asosida yangilangan konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha yurtimizda joriy yilning 30 aprel kuni umumxalq referendumi o‘tkazilishi belgilanganligi ta’kidlanib, yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan, 18 yoshga yetgan, muomalaga layoqatli har bir fuqaro ushbu tadbirda faol qatnashishi, o‘z munosabatini bildirishi muhimligi yuzasidan fikr almashildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar “O‘zbekiston Respublikasi Referendumi to‘g‘risida” gi qonunning tegishli moddalari bilan tanishtirildi. Referendum o‘tkazishning asosiy prinsiplari, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda oshkoralik, ochiqlik masalalari haqida ham tushunchalar berildi.

Tadbirda yangilanayotgan Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti, xalqimizning farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lishi alohida qayd etildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan fuqarolarning huquqiy savollariga batafsil javob qaytarildi.

F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA