Andijon viloyati Izboskan tumanida “Konstitutsiya – kelajagimiz kafolati” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Izboskan tumani adliya bo‘limi tomonidan tashkil etilgan seminarda huquqshunoslar, oila va xotin-qizlar bo‘limi mutaxassislari, tumandagi 63 ta mahallada ish olib borayotgan xotin-qizlar faollari, yoshlar ishtirok etdi.

Seminarda yangilanayotgan Konstitutsiya butun jamiyatni Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi atrofida jipslashtirishi, qonun loyihasini ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlar, ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi ta’kidlanib, huquqshunoslar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasining mazmun-mohiyati haqida ma’lumot berildi.
— Qonun loyihasida jamiyatning barcha qatlami vakillari manfaatlari inobatga olingan, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Naziraxon Qobilova. – Eng muhimi, hujjatda inson qadri, uning huquq va manfaatlari himoyasiga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining tegishli qarorlariga muvofiq, joriy yilning 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi o‘tkazilishi belgilangan.

Seminarda yurt ravnaqi, porloq kelajagini ta’minlashga xizmat qiluvchi yangilangan konstitutsiya loyihasini qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda har bir yurtdoshimiz faol ishtirok etishi muhim ekanliga ta’kidlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA