Xalqimiz va jamiyat hayotida muhim o‘rin tutadigan, ertangi yorug‘ kelajakni ta’minlaydigan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘yicha referendumga sanoqli kunlar qoldi.
Ayni qizg‘in vaqtda Oliy Majlis Senatida doimiy ravishda faoliyat yurituvchi senator, parlament yuqori palatasining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi a’zosi Mahmudjon Parpiyev Namangan viloyatidagi o‘quv maskanlari, ishlab chiqarish korxonalari, mahallalarda o‘tkazayotgan muloqotlarda yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilayotgan moddalar va normalar, ularning mazmun-mohiyatini tushuntirishga e’tibor qaratmoqda.
Namangan muhandislik-texnologiya institutida “Referendum – 2023: Kelajaging uchun ovoz ber” shiori ostida “Referendum va yoshlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan targ‘ibot tadbirida senator Mahmudjon Parpiyev o‘z chiqishida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aholi, shu jumladan, yosh avlod vakillarining fikr-mulohazalari, xohish-irodasi ifoda etganligi, yangilanayotgan Bosh qomusimiz tom ma’noda, inson qadrini ulug‘laydigan, mamlakat rivojiga xizmat qiladigan muhim asosiy hujjat bo‘lishini e’tirof etdi.
– Dunyoda mamlakatlar va millatlar ko‘p. Lekin O‘zbekiston – yagona. Biz uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan buyuk xalq va millatning avlodlarimiz, – dedi Senat a’zosi Mahmudjon Parpiyev. – Yurtimizda ertamiz egalari yoshlarimiz soni 18 milliondan oshdi. Bu O‘zbekiston aholisining 60 foiziga yaqini demak. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 300 dan ziyod hayotbaxsh normalari eng avvalo, yoshlarning farovon turmushi, porloq kelajagini ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega.
Davlatobod tumanidagi “Iftixor kiyim sanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyati nafaqat Farg‘ona vodiysi, balki respublikamizning yetakchi gigant tekstil korxonalaridan biri hisoblanadi. Oliy Majlis Senati a’zosi, ishning ko‘zini bilgan tadbirkor ayol Anna Dobrix rahbarlik qilayotgan mazkur jamiyatda ishlab chiqarilayotgan erkaklar liboslari nafaqat ichki bozorda xaridorgir, balki Rossiya, shuningdek Germaniya, Polsha kabi Yevropa davlatlarida ham o‘z o‘rnini topgan. Korxona ishchi-xodimlari bilan o‘tkazilgan muloqotda tadbirkorlar davlat himoyasi ostida ekanligi, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil etishlari uchun zaruriy barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Senatorlar qayd etganidek, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida, ya’ni birinchi navbatda, inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni nazarda tutadi. Ayniqsa, Bosh qomusimizda davlat tomonidan qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlashning belgilab qo‘yilishi eng avvalo, mamlakat iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirishga hamda investorlarning ishonchini mustahkamlashga va davlat tuzilmalarining mas’uliyatini oshirishga katta turtki beradi. Shuningdek, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash, xususiy mulk himoyasini yanada kuchaytirishga hamda investitsiya bozoridagi raqobatni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Muloqotlar yakunida, Oliy Majlis Senati a’zosi Mahmudjon Parpiyev fuqarolarni 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumida faol ishtirok etib, unda xalqimizning farovon hayoti, daxlsizligi, haq-huquqlari himoyasi uchun mustahkam asos va ishonchli kafolat sifatida yangilanayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA