French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya jamiyat rivojiga kuchli turtki beradi
18:28 / 2025-11-28

Sirdaryo tumanidagi safarbarlik chaqiruv rezervi batalionida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – huquqlarimiz kafolati” mavzusida ma’rifiy-huquqiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Dilnoza Umrzoqova, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi viloyat bo‘linmasi mutaxassisi O.Muhammadjonov, tuman adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Sh.Ismoilov, shuningdek, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi rahbari B.Ummatqulovlar ishtirok etishdi.

Ma’ruzachilar tomonidan Konstitutsiyamizda mustahkamlangan asosiy huquq va erkinliklar, jamiyat va davlat qurilishidagi demokratik tamoyillar, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar atroflicha tushuntirildi. Ta’kidlanganidek, har bir fuqaroning huquqiy bilim va madaniyatini oshirish huquqiy davlat barpo etish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

Tadbirda so‘z olgan Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Dilnoza Umurzoqova Konstitutsiyaning hayotimizdagi o‘rniga to‘xtalar ekan, jumladan shunday dedi:

–  Konstitutsiya nafaqat davlat va jamiyat qurilishiga oid me’yorlarni belgilaydigan oliy yuridik hujjat, balki har bir insonning orzu-umidlari, farovon va xavfsiz hayotga bo‘lgan ishonchini ifoda etuvchi tirik qomus hisoblanadi. Unda belgilangan huquq va erkinliklarning amalda ta’minlanishi fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, jamiyat rivojiga kuchli turtki beradi. Shu bois, har birimiz Konstitutsiyani chuqur bilishimiz, unga amal qilishimiz va uni hayotimizning asosiy yo‘l xaritasi sifatida qabul qilishimiz zarur.

Muloqot davomida ishtirokchilar Konstitutsiyaning hayotimizdagi amaliy ahamiyati, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarning mazmun-mohiyati, huquqiy davlat qurish jarayonidagi o‘rni haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.  

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri