Bugun Yangi O‘zbekiston islohotlarini yangi tahrirdagi Konstitutsiyasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Inson va uning qadri bosh tamoyil sifatida qarab kelinayotgan jamiyatimizda inson huquqlari, erkinliklar va burchlari birinchi darajali masaladir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berishi yo‘li bilan qabul qilindi. Konstitutsiyaning yangilanishi natijasida, undagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi. Bu degani konstitutsiya 65 foizga yangilangan.
Bosh qomusni varaqlar ekansiz, uning birinchi moddasida ilk bora O‘zbekiston – huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida e’tirof etilganligiga guvoh bo‘lasiz. Bu egiz tushunchalar zamirida juda katta ma’no mujassam.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi”, degan tamoyillarga asoslangan holda ishlab chiqilgani bilan ahamiyatli.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada nazarda tutilgan Oliy Majlis faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan normalar “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunda aks ettirildi.
E’tiborlisi shundaki, Konstitutsiyamizning chin ma’nodagi muallifi xalqimiz. Demak uning mazmun-mohiyatini yetkazishda ham, avvalo, odamlar orasida huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borishni taqozo etadi va bu biz davlat xizmatchilariga muhim vazifalarni yuklaydi. Bu borada Adliya vazirligi va hududiy boshqarmalar tomonidan o‘z vakolati doirasida fuqarolarning Konstitutsion huquqlarini bilishlari uchun aniq choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, aholining barcha qatlami uchun tushunarli bo‘lgan “Moddalar gapiradi” nomli turkum videoroliklar tayyorlanib, muntazam ravishda televideniye orqali berib borilmoqda. Yoshlarning huquqiy bilimlarini sinovdan o‘tkazishga qaratilgan insholar tanlovi, otaliqqa olingan maktablarning maxsus huquq sinflarida esa, ochiq darslar tashkil etilmoqda. Qolaversa, “Biz Konstitutsiyani o‘rganamiz” haftaligi doirasida davlat organlarida, mehnat jamoalarida konstitutsiyaviy huquq va majburiyatlarni tushuntirishga qaratilgan davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazilmoqda.
Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi tom ma’noda inson huquqlarining eng ishonchli himoyachisidir. Qolaversa, islohotlarning asosidir. Mana shunday keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish yo‘lida har bir inson o‘z mas’uliyatini yanada oshirmog‘i va barchamiz halol mehnatimiz bilan taraqqiyotimiz yo‘lida xizmat qilmog‘imiz lozim.
Ulug‘bek Ismatillayev,
Namangan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, yurist.
O‘zA.