FOTOREPORTAJ
Andijon shahridagi 7-umumta’lim maktabida “Konstitutsiya – mening huquqlarim kafolati” mavzuida ma’rifiy ochiq dars va ijodiy ko‘rik-tanlov o‘tkazildi. Tadbirda o‘quvchilar mamlakatimiz Asosiy qonunida belgilangan bolalar huquqlari, ularning ta’lim olish, ijod qilish, erkin fikr bildirish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida tarix fani o‘qituvchisi Zamira Tohirova yuqori sinf o‘quvchilari bilan ochiq dars o‘tdi. Darsda Konstitutsiyaning asosiy bob va moddalari, inson huquq va erkinliklarining kafolatlari, fuqarolik burchining ahamiyati haqida tushunchalar berildi.
[gallery-26490]
Dars jarayonida o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi muhim moddalarni o‘rganib, o‘qituvchi tomonidan tayyorlangan savollarga javob berdi, amaliy mashg‘ulot orqali bilimini mustahkamladi.
– Bu kabi tadbirlar yosh avlodning huquqiy madaniyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi, - deydi maktab direktori Gulnora Zohidova. – Konstitutsiya – mamlakat taraqqiyotining mustahkam poydevori. Bizning maqsadimiz o‘quvchilarga Bosh qomusimiz mohiyati va ahamiyatini yoshligidan anglatish.
Shuningdek, tadbir doirasida “Konstitutsiya va men” mavzusida ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. O‘quvchilar o‘zlari chizgan tasviriy san’at ishlari orqali Konstitutsiyaga oid tasavvur va fikrlarini ifoda etdi. Bolalarning ijod namunalari qonunga hurmat, Vatanga muhabbat va kelajakka ishonchni aks ettirdi.
Shu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarning huquqiy dunyoqarashini kengaytirish, Konstitutsiyaning hayotimizdagi o‘rnini chuqurroq anglatishga xizmat qilmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA