Guliston shahridagi umumta’lim maktablarining 7–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Konstitutsiya — huquqlarim poydevori” mavzusida insholar tanlovi tashkil etildi. Tadbir Guliston shahar Maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi hamda Guliston shahar Adliya bo‘limi hamkorligida o‘tkazildi.
Tanlovda ishtirokchilar Konstitutsiyaning mohiyati, ahamiyati va inson huquqlari hamda erkinliklarining kafolatlanishi haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini yozma ravishda bayon etishdi. Yoshlar yozgan insholarda huquqiy savodxonlik, inson qadri va huquqiy ongni rivojlantirish hamda zamonaviy hayotda Konstitutsiyaning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Tanlov nizomiga ko‘ra, ijodiy ishlar qator mezonlar asosida baholandi: inshoda ko‘tarilgan masalalarning dolzarbligi, mualliflik huquqi talablariga rioya etilishi, ilgari surilgan takliflarning amaliyotga tatbiq etish imkoniyati hamda imlo va uslub xatolarining mavjudligi. Shuningdek, baholashda yoshlarning fikrlari ochiq va izchil bayon qilingani ham inobatga olindi.


Baholash natijasiga ko‘ra, 17-Maktab o‘quvchisi Charos O‘tkirova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni 8-Maktab o‘quvchisi Madinabonu Sobirjonova, uchinchi o‘rinni esa 9-Maktab o‘quvchisi Nozima Kunishova egalladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri