O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining huquqiy poydevori bo‘lmish Konstitutsiya o‘tgan davr mobaynida yangi demokratik huquqiy davlatni shakllantirish hamda fuqarolik jamiyatini qaror toptirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning qonuniy zamini bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Konstitutsiya mustaqil O‘zbekiston Respublikasi qaror topganligini qonunlashtirdi va oliy darajadagi qonun sifatida davlatimizning maqsadini, uning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy tuzumini, boshqaruvning demokratik prinsiplarini, jamiyat rivojlanishining strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi. Shuningdek, unda shaxsning mustaqilligi, hokimiyatlarning taqsimlanishi, mulkdorlik shakllarining xilma-xilligi, mafkuraviy rang-baranglik, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy sohalardagi demokratik qadriyatlar konstitutsiyaviy tuzumning prinsiplari sifatida tasdiqlangan hamda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlangan, ma’naviy qadriyatlarimiz asoslari mustahkamlab qo‘yilgan. Shunday ekan, Konstitutsiya jamiyat, davlat har bir fuqaro hayotida muhim o‘rin tutadigan hujjat hisoblanib, barcha qonunlarning qonuni, bir so‘z bilan aytganda, alifbosidir.
Ma’lumki, mustaqillikning dastlabki yillaridayoq huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida O‘zbekiston o‘zining «o‘zbek modeli» deb nom olgan taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiga o‘tish rejasini ishlab chiqdi. Milliy xususiyatlar va an’analarni inobatga olgan holda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurish, bozor munosabatlariga o‘tish, mustaqil davlat manfaatlari ustuvorligiga va teng huquqli hamkorlikka asoslangan tashqi siyosatning aniq prinsiplari, yo‘nalishlarini belgilab oldi.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz hayotidagi tub o‘zgarishlar va yangilanishlarda Konstitutsiya muhim ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson va davlatning huquqiy holatini belgilashda inson huquqlari ustuvorligi, davlat bilan fuqaroning o‘zaro siyosiy-huquqiy mas’ulligi prinsiplariga asoslanuvchi tamomila yangi konsepsiyaga tayangan bo‘lib, unda ilk bor inson huquqlari kategoriyasi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilgan.
Shu tariqa yangi konsepsiya o‘zbek konstitutsiyaviy qonunchiligida o‘z yuridik tasdig‘ini topgan bo‘lib, ular O‘zbekiston fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqiy maqomi sifatida muayyan prinsiplarga tayanadi. Ushbu prinsiplar universal xususiyatga ega bo‘lib, ular qatoriga quyidagilar kiradi:
Birinchidan, Inson va fuqaroning huquq, erkinlik va majburiyatlari tenglik hamda teng huquqlilik asosida amalga oshiriladi. Bu prinsip Konstitutsiyada uch jihatdan ta’riflangan: barcha fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi; fuqarolar huquq va erkinliklarining tengligi; erkaklar va xotin-qizlarning teng huquqliligi;
Ikkinchidan, Konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarning kafolatlanganligi prinsipi. Jumladan, asosiy Qonunning 2-moddasida yozilishicha, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.
Shuningdek, Konstitutsiyada demokratik huquq va erkinliklar davlat tomonidan muhofaza qilinishi alohida e’tirof etilgan. 13-moddaning 2-qismda demokratik huquq-erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi, 19-moddada esa fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlar va erkinliklari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emasligi qonuniy mustahkamlab qo‘yilgan. Konstitutsiyamizning ikkinchi bo‘limining bevosita inson va fuqarolarning asosiy huquqlariga bag‘ishlanganligi ham demokratik huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlanganligining yorqin dalilidir.
Uchinchidan, yana bir muhim prinsip – fuqarolarning huquq va erkinliklari cheklanishiga yo‘l qo‘yilmasligi. Mazkur prinsip insonga tug‘ilishidan tabiatan tegishli bo‘lgan uning ajralmas huquq va erkinliklari davlat tomonidan tan olinishidan kelib chiqadi. Davlat fuqarolarning konstitutsiyaviy va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi (43-modda).