Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya farovon hayotimiz kafolati
07:34 / 2022-06-23

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvidagi nutqida mamlakatimiz asosiy qonunini takomillashtirish bo‘yicha yangi-yangi g‘oyalar, tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlat rahbari ilgari surayotgan tashabbuslar mohiyatini jamiyatimizda kechayotgan qizg‘in jarayonlar negizida tahlil qilsak, ularning naqadar jiddiy ahamiyatga ega ekanligiga ishonch hosil qilamiz. Masalan, uzoq yillar davomida birinchi navbatda davlat oldida turgan vazifa va muammolarni hal qilish, muhim jarayonlarga davlat manfaatlari nuqtai nazaridan yondashish, shundan so‘nggina jamiyat va inson turmushi bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratish amaliyoti hukm surdi. Shu sababdan amal qilib kelayotgan barcha huquqiy hujjatlarda davlat manfaatlari ustuvorligi ko‘zga tashlanadi. Keyingi yillarda esa “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili islohotlarning bosh qoidasiga aylantirildi. Kelajakda ushbu tamoyil asosida amalga oshiriladigan o‘zgarishlar tendensiyaviy tus olishi uchun eng avvalo “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini konstitutsion norma sifatida mustahkamlamoq zarurligi alohida qayd etildi.

Ma’lumki, xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlatni qurib bo‘lmaydi. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish taklifi ilgari surildi. Prezidentimizning: “Rivojlangan davlatlardagi kabi, shunday tartib o‘rnatilishi lozimki, mulkdor sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz, mulkidan mahrum etilmasin” degan fikrlari, ayniqsa, bugungi kunda juda muhim ahamiyat kasb etadi.  

Shu bilan birga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini ham Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilash lozimligi qayd etildi. Iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni olib tashlash masalasi ko‘tarildi. Bu ishlarning zamirida faqat va faqat inson manfaatlari mujassam bo‘lishi lozimligi alohida ta’kidlandi.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz asosiy qonuniga o‘zgartirishlar kiritish jarayonida jamiyatning har bir a’zosi oldiga muayyan vazifalar qo‘yilmoqda. bugungi kunda barchamiz fuqarolik mas’uliyatini chuqur anglab yetgan holda mazkur jarayonda faol ishtirok etishimiz, asosiy hujjatga kiritiladigan o‘zgartishlar yuzasidan o‘z fikr va takliflarimizni bildirishimiz muhimdir.

Xurshidaxon Xalilova,
O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi deputati.
O‘zA