Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 31 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Barcha tashkilot, korxona va muassasalar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar va OAVlari xodimlari ishtirok etgan tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, Konstitutsiyaning hayotimizda tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, Bosh qomusimiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni qurish, dunyo maydonida esa davlatimizning xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida faoliyat yuritishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Alohida e’tirof etish kerakki, Konstitutsiya baxtimiz qomusi, erkinligimiz va barcha huquqlarimiz kafolati, orzu-umidlarimiz ifodasidir.
Joriy yil Bosh qomusimizning referendum orqali xalqimizning takliflari asosida yangi tahrirda qabul qilingani, albatta, mamlakatimiz huquqiy hayotida yangi bosqichni boshlab bergan muhim voqelik bo‘ldi.
[gallery-14960]
Yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston “ijtimoiy davlat” degan tamoyil muhrlanib, davlatning bu sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 baravarga oshdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslari, davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan.
– Bosh qomusimizda inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, aholi farovonligini yuksaltirish bosh maqsadimiz sifatida belgilangan, – deydi Xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati Sur’at Sharipov. – Navoiy viloyatida ham barcha millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek hayot kechirishmoqda. Ularning millati, tili, dini va kelib chiqishidan qat’iy nazar bir xil sharoit va imkoniyat yaratib berilgan. Viloyatimizning o‘nlab ta’lim dargohlarida darslar qoraqalpoq, qozoq, rus, tojik tillarida olib borilayotganligi ham milliy bag‘rikenglik va konstitutsion huquq ta’minlanishining yorqin ifodasidir.
Tantanali marosimda Vatanni, ona yurtni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar, jozibali raqs va sahna ko‘rinishlari ijro etildi.
Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari viloyatning barcha tuman va shaharlarida, tashkilot va korxonalarida keng nishonlanmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari