O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasida videokonferensiya tarzida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov ma’ruza qildi, shuningdek, viloyat IIB hamda tuman-shahar ichki ishlar organlari xodimlari studiyalar orqali ishtirok etishdi.
Tadbir davomida mamlakatimiz mustaqilligini ta’minlab bergan, jamiyatda qonun ustuvorligi, tinchlik-osoyishtalik hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga xizmat qilayotgan asosiy qomus — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Guliston davlat universiteti professori Ravshan Mahmudov o‘z ma’ruzasida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining e’lon qilinishi, Mustaqillik deklaratsiyasi hamda “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi mamlakat davlatchilik asoslarini shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etganini qayd etdi.
Tadbir davomida 2023 yilda Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Ushbu referendum asosida qabul qilinib, yangilangan Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida davlat va jamiyat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqan huquqiy hujjat ekani e’tirof qilindi.
– Konstitutsiya — bu faqat qonunlar majmuasi emas, balki har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini kafolatlovchi, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini ta’minlovchi asosiy huquqiy hujjatdir, – dedi Sirdaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, podpolkovnik Doston Shamsiddinov. – Ichki ishlar organlari xodimlari uchun Konstitutsiya talablariga qat’iy tayanish xizmat faoliyatining asosiy mezoni hisoblanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri