Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi va tuman-shahar bo‘limlari xodimlari ishtirokida “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Prezidentimizning 2024 yil 17 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda bosh Qomusimiz mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritilib, u haqiqatan ham demokratik Konstitutsiya ekanligi, uning umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlar va xalqaro andozalarni o‘zida mujassam etganligi alohida ta’kidlandi.

Darhaqiqat, yangilangan Konstitutsiyamiz eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan bo‘lib, uning loyihasi nufuzli xalqaro tashkilotlar va demokratik davlatlar mutaxassislarining ekspertizasidan o‘tkazilgan.
– Bosh qomusimiz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat hayotining barcha sohalari rivojida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir, – deydi Navoiy yuridik texnikumi direktori o‘rinbosari D.Murtazoyev. – Bugungi tadbirda mazkur hujjatda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlangani, yurtdoshlarimizning ongi va qalbida Konstitutsiyamizga hurmat, Vatan taqdiriga daxldorlik, mas’uliyat hissini yanada kuchaytirish masalalari xususida so‘z yuritildi. Tadbir davomida Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi, uning demokratik-huquqiy davlat barpo etish va inson manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, bosh Qomusimizning xalqchilligi, xalqaro huquq normalariga mosligi haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, yangilangan Konstitutsiyamizga milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan normalar kiritilgan bo‘lib, bunda davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlanishi mustahkamlangan.
Shu bilan birga, mamlakatimizda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi qabul qilingan Konstitutsiyaning o‘rni hamda roli beqiyos.
Uchrashuvda ishtirokchilar yangilangan Konstitutsiya mazmun-mohiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi va qiziqtirgan savollariga javob oldi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri