O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga bu yil 32 yil to‘ladi. Yillar, asrlar suronida nisbatan juda qisqa bu fursatning mamlakatimizni rivojlantirish, xalqimiz turmush farovonligini oshirish, huquqlarini ta’minlashdagi o‘rnini esa hech bir davr bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Ma’lumki, 2023 yil 30 aprelda umumxalq referendumi asosida yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilindi. Ayni shu qisqa vaqt yurtimiz uchun muhim o‘zgarishlar davriga aylandi. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy yangilanishlarga asos bo‘lgan ushbu hujjat O‘zbekistonning demokratik islohotlardan aslo ortga qaytmasligi, qonun ustuvorligi va barqaror rivojlanishga mudom intilishini tasdiqlaydi.


Asosiy qonunimizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu g‘oyalar atrofida fuqarolarni jipslashtirish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 17 oktyabr sanasida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilindi.


Hujjat bilan tasdiqlangan dastur doirasida bu yilgi bayram tantanalari «Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!» degan bosh g‘oya asosida keng miqyosda nishonlanishi belgilandi. Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab bayram shodiyonalari davom etmoqda.


Xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidada bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda dastlab Akademiya rektori Muzaffar Komilov Konstitutsiya qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan yig‘ilganlarni qutladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Nodir Jumayev demokratik davlat vujudga kelishi uchun zarur shart-sharoit, jamiyat taraqqiyoti bosqichlari, barkamol avlod, yetuk shaxs tarbiyasi, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda yangi tahrirdagi Bosh qomusimizning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.



Rasmiy chiqishlardan so‘ng marosimning badiiy qismi boshlandi.
Akademiya talabalari teatr-studiyasi tomonidan "Jadidlar yodi" sahna ko‘rinishi namoyish qilindi, she’r, qo‘shiqlar ijro etildi. "Qalqon" guruhi ko‘rsatgan harbiy mashq to‘plami, talabalar talqinidagi Konstitutsiyamiz moddalari sharhi, "Ziyo-zukko" umumta’lim maktabi o‘quvchilari raqs va kuy-qo‘shiqlari yig‘ilganlarda iliq taassurot qoldirdi.
G'. Xonnazarov, O'zA