O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida Bosh qomusimiz qabul qilinganligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” shiori ostida videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan bayram tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar, tumanlararo, tuman va shahar sudlari sudyalari hamda xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimiz taraqqiyoti, jamiyatning rivoji hamda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
Ushbu bayram tadbiri davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarixiga bag‘ishlangan yangi chop etilgan “O‘zbekiston Oliy sudi” tarixiy kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami munosabati bilan ko‘p yillik samarali mehnati, fidoyiligi hamda alohida xizmatlari bilan jamoada obro‘-e’tibor qozongan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimida faoliyat yurituvchi sudya va sud apparati xodimlarining bir guruhi rag‘batlantirildi.
Jumladan, Jizzax viloyat sudi raisining o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Jamol Qahhorov ham esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Jizzaxdagi taqdirlash marosimi viloyat sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilgan tadbirga ulanib ketdi.
Jizzax viloyat sudi raisi Akram Shukurov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning tinch-osoyishta hayoti, fuqarolarimiz huquq va erkinliklari hamda manfaatlarining mustahkam kafolati ekanligini aytib, barchani Bosh qomusimiz qabul qilingan kun bilan samimiy qutlab, Jizzax viloyati sudlari tarixiga bag‘ishlab yozilgan “Jizzax viloyat sudlari: tarix, taraqqiyot, bugun” nomli kitobining yaratilish tarixi hamda uning mazmun-mohiyati haqida to‘xtaldi.
Tadbirda viloyat sudi raisining farmoyishiga asosan viloyat sudlari tizimida faoliyat yuritib kelayotgan, 2024 yil davomida eng yuqori sifat va reyting ko‘rsatkichlariga ega sudyalar, uzoq yillardan buyon sud sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan xodimlar, shuningdek, sohalar bo‘yicha eng namunali sud xodimlari va ularning ota-onalari tashakkurnoma, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-20754]
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi bayrami munosabati bilan “Mening Konstitutsiyam va davlat tilim” mavzusida o‘tkazilgan tanlov g‘olib va sovrindorlariga viloyat sudi raisining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari