Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi
10:57 / 2024-12-06

Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qo‘mita mutasaddi xodimlari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari, yurtimizda faoliyat yurituvchi milliy madaniy markazlar raislari va faollari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Qo‘mita foyesida Konstitutsiya burchagi tashkil qilindi. Unda bayram ishtirokchilari Asosiy qonunimizga oid turli plakatlar, kitob va risolalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Har bir davlat o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o‘zining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida ifodalaydi.

Binobarin, o‘z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo‘lgan mamlakat o‘zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og‘ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kafolati ostida 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandlaridek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotganini qayd etdi.

– Mustaqillik yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar uchun, avvalo, o‘zligini anglash, insoniy qadr-qimmat, urf-odat va qadriyatlarni tiklash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash kabi beqiyos imkoniyatlarni ochib berdi, – dedi qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov. – Bular Konstitutsiyamizda mustahkamlangan fuqarolarning irqi, millati, tili, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi prinsiplari hamda turli millatlar va elatlar vakillarining tili, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, ularni rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratishga asoslanadi.

Darhaqiqat, Bosh qomusimiz jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini e’tirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Yangi qabul qilingan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va an’analari hurmat qilinishi, O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani belgilangan. Ularga o‘z madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

N.Usmonova,

O‘zA