Tarixdan ma’lumki, har bir davlat o‘zining Bosh qonunini ishlab chiqadi va tasdiqlangan qonun-qoidalar asosida mamlakatni boshqaradi. Xalqining tinchligini, hayotini, xavfsizligini ustuvor etib belgilaydi. Shuning uchun ham qabul qilinayotgan Bosh qonunni “Yetti o‘lchab bir kes”degan hikmatga amal qilgan holda ishlab chiqish va tasdiqlash muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng, 1992 yil o‘zining tarixiy Konstitutsiyasini qabul qilgan. Tabiiyki, o‘tgan 31 yillik davrda mamlakatimizda siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi. bugungi globallashuv sharoitida zamon talablariga mos, suveren davlatimizni, ko‘p millionlik xalqimiz daxlsizligini ta’minlaydigan Qonunni takomillashtirish, zaruriy qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni kiritishni hayotning o‘zi taqozo qildi. Shu tariqa konstitutsiyaning yangi loyihasi tayyorlanib, keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.
O‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida 200 mingdan ko‘proq takliflar kelib tushdi. Mavjud 128 ta moddalarga yana 27 ta yangisi qo‘shildi va ularning soni 155 taga yetgani buning yorqin misolidir. Natijada, Konstitutsiyaning loyihasi deyarli 65 foizga yangilandi. Fikrimizcha, yangilanayotgan Konstitutsiyani “2023 yil – Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinishi ham e’tiborlidir. Amaldagi konstitutsiyamizning 1-moddasida “O‘zbekiston - suveren demokratik respublika”, deb belgilangan bo‘lsa, yangi loyihada “O‘zbekiston - boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” deya bayon qilinmoqda.
Konstitutsiyadagi “Oila” bobida bolalar va yoshlarga e’tibor kuchaytirilgan. Ayniqsa, 79-modda yosh avlodni o‘ylab, uning yashashi, turmush tarzi, ta’lim va tarbiya olishi, sog‘ligi va ish bilan ta’minlanishi kafolatlari ijtimoiy himoya turlari bilan boyitilgan. Yangi Qonun loyihasining 50-, 51-, 52, 53- moddalariga muhim o‘zgartirishlar, yangiliklar kiritilgan. Hozirda “bepul umumiy ta’lim olish” belgilangan bo‘lsa, endilikda “bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olish” kafolatlanmoqda. Yangilangan konstitutsiyaning 51- moddasida “Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olish huquqiga ega” kabi ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilgan bandlar o‘rin olgan.
Quvonarlisi, yangi Qonunda insonga, uning ijtimoiy himoyasiga e’tibor hamda mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi yoshlarimizning bilimli va yaxshi fazilatlarga ega avlod bo‘lib yetishishini ta’minlashga yo‘naltirilgan qator moddalar kiritilgan. Darhaqiqat, yoshlar kelajagi haqida qayg‘urish, ilm va kasb-hunar egasi bo‘lishiga qaratilgan harakat davlatning, millatning ertasini ta’minlashga xizmat qilishini hayot o‘zi isbotlagan.
Yangi Konstitutsiyaning yana bir muhim jihati: davlat xalqimizning turmush farovonligini oshirishga, uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga, fuqarolarning barcha sohalardagi huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilganligidadir. Bu bilan “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili Konstitutsiyaviy tamoyil etib tasdiqlanmoqda. Ushbu tarixiy, siyosiy tadbirga tayyorgarlik arafasida institutimiz professor-o‘qituvchilari, xodimlar va ko‘p ming kishilik talabalari Qonun loyihasini mashg‘ulotlarda, o‘quv-seminarlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda chuqur o‘rganmoqda, ommaviy axborot vositalarini kuzatib, qizg‘in muhokama qilmoqda. 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendumda institutimiz ustozu talabalari, yurtimizning porloq kelajagini ta’minlashga xizmat qiladigan, davlatimiz va xalqimizning yo‘lchi yulduzi bo‘lib, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari yo‘l boshlovchi – konstitutsiyamizni ma’qullab ovoz beradi.
Qudratillo Ibaydullayev,
Andijon davlat pedagogika instituti professori v.b.
O‘zA