English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya boshqa huquqiy hujjatlardan qanday jihatlari bilan ajralib turadi?
14:19 / 2022-12-07

Konstitutsiya lotincha «constitutio» so‘zidan olingan bo‘lib, «tuzilish», «o‘rnatish» degan ma’nolarni bildiradi. Konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga ega bo‘lgan yagona siyosiy-huquqiy hujjat bo‘lib, unda shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplari o‘rnatiladi; davlat hokimiyatining tuzilishi, sub’ektlari, hokimiyatni amalga oshirish mexanizmi belgilanadi; jamiyat, inson va fuqaroning davlat tomonidan qo‘riqlanadigan huquqlari va erkinliklari mustahkamlanadi.

Konstitutsiya o‘z mohiyati va yuridik tabiatiga ko‘ra boshqa huquqiy hujjatlardan quyidagi muhim jihatlari bilan ajralib turadi:

birinchidan, Konstitutsiya maxsus sub’ekt, ya’ni O‘zbekiston xalqi tomonidan referendum orqali yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi;

ikkinchidan, konstitutsiyaviy qoidalar ta’sis etuvchi, yo‘naltiruvchi, birlamchi ahamiyatga ega;

uchinchidan, konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining keng qamrovliligi bilan tavsiflanadi, ya’ni u nihoyatda muhim va keng ko‘lamdagi ijtimoiy munosabatlar doirasiga ta’sir ko‘rsatadi;

to‘rtinchidan, Konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga ega, ya’ni boshqa qonunlardan ustunlikka, oliy yuridik kuchga, o‘ziga xos muhofaza shakliga, maxsus tarzda qabul qilinish va o‘zgartirilish tartibiga ega.

KONSTITUSIYANING FUNKSIYALARI

Konstitutsiya o‘z mazmuni va ijtimoiy vazifasiga ko‘ra davlatning mohiyatini ta’riflovchi, uning tashkiliy tuzilishini ifodalovchi, davlat siyosatining asoslarini belgilovchi hujjat sifatida gavdalanadi. Konstitutsiya o‘z ijtimoiy vazifasini bajara borib, bir qator o‘zaro mushtarak bo‘lgan funksiyalarni ado etadi.

Konstitutsiyaning eng muhim funksiyalaridan biri – davlatchilik rivojlanishidagi vorislikni ta’min etishdir.

Siyosiy funksiyasi. Konstitutsiya jamiyat siyosiy tizimining huquqiy asoslarini mustahkamlaydi; siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalarining davlat hokimiyati bilan munosabatlarini muvofiqlashtiradi; saylovlar va referendum kabi bevosita demokratiya institutlarini mustahkamlash orqali jamiyatda siyosiy barqarorlikni, fuqarolararo totuvlik, hamjihatlik va tinchlikni ta’minlaydi; davlat yuritadigan ichki va tashqi siyosatning asoslari va barcha muhim yo‘nalishlarini aks ettiradi.

Yuridik funksiyasi. Konstitutsiya yuridik mazmun va mohiyatga ega bo‘lgan huquqiy hujjat bo‘lib, davlatning Asosiy qonuni sifatida butun huquqiy va qonunchilik tizimlarining o‘zagini tashkil etadi, jamiyat va davlat hayotining, davlat organlari tashkil etilishi va faoliyatining asosiy prinsiplarini mustahkamlaydi. Shu sababli jamiyatdagi barcha huquqiy hayot va yuridik amaliyot, shu jumladan, odil sudlov amaliyoti konstitutsiyaviy qoidalar asosida shakllanadi.

Tarbiyaviy-mafkuraviy funksiyasi. Konstitutsiya xalqning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Unda jamiyat taraqqiyotiga turtki beruvchi, muhim ma’naviy omil bo‘lib xizmat qiluvchi g‘oyalar o‘z ifodasini topadi. Konstitutsiyada mujassamlashgan mafkura jamiyatni, xalqni muayyan maqsadlar sari yetaklaydi, ularni uddalash uchun safarbar qiladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi milliy istiqlol g‘oyasi va mustaqillik mafkurasining huquqiy asosini tashkil etib, xalqimizning istiqlolga, erkinlikka bo‘lgan intilishini, milliy axloqiy-ma’naviy qadriyatlarini aks ettirgan hamda ularni jamiyat ongiga, ayniqsa, yosh avlod ongiga singdirishga xizmat qiladi.

KONSTITUSIYANING ASOSIY PRINSIPLARI

Davlat suvereniteti. «Suverenitet» atamasi ilk bor Fransiyada (XVI asr) vujudga kelgan. Bu atama lotincha superareitas (cupra, superios) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, aslida «eng oliy», «oliy hokimiyat» degan ma’noni anglatadi. Suverenitet mustaqil davlatning umumiy va ajralmas belgisi bo‘lib, uning to‘la huquqliligini hamda ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda boshqa davlatga qaram emasligini anglatadi.

O‘zbekiston – suveren demokratik respublika. O‘zbekiston Respublikasi o‘zining milliy-davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi. O‘zbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va bo‘linmasdir. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir.

Konstitutsiyaning 5-moddasida «O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega» deb ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonning davlat ramzlari 1991 yil 18 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida», 1992 yil 2 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida», 1992 yil 10 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi qonunlar bilan tasdiqlangan.

Xalq hokimiyatchiligi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi.

O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin. Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.

Xalq hokimiyatchiligi quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:

Birinchidan. Hokimiyatning bevosita amalga oshirilishi deganda xalqning saylovlar yordamida hokimiyat vakillik organlarini shakllantirishi, mamlakat Prezidentini saylashi, umumxalq muhokamasi va referendumlari orqali jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, qarorlar va qonunlarni qabul qilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashishi tushuniladi.

Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo‘yiladi.

Referendum so‘zining lug‘aviy ma’nosi lotincha «ma’lum qilinishi lozim bo‘lgan narsa» deganidir, ya’ni davlatda hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim masalalar xalqqa ma’lum qilinadi va uning ovoz berishi orqali hal etiladi. Mamlakatimizda referendum o‘tkazish tartibi 2001 yil 30 avgustda yangi tahrirda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Referendumi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, faqat referendum o‘tkazish yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Mamlakatimizda 1991, 1995 va 2002 yillarda referendum o‘tkazilgan.

Ikkinchidan, Hokimiyatning bilvosita amalga oshirilishi deganda xalqning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, qarorlar va qonunlarni qabul qilishda o‘zi saylagan vakillari, ya’ni deputatlar va senatorlar orqali ishtirok etishi tushuniladi.

O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.

Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Konstitutsiya va qonunning ustunligi. Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.

Tashqi siyosat. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli sub’ekti bo‘lib, uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.

Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdo‘stliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mohiyatini huquqiy davlatning asosiy talablarini aks ettiruvchi quyidagi prinsiplar ham ochib beradi:

a) demokratizm prinsipi;

b) hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipi;

v) inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi prinsipi;

g) ijtimoiy adolat prinsipi;

d)qonuniylik prinsipi;

ye) fuqaro va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqligi prinsipi va boshqalar.

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamizning yuqorida qayd qilingan sifat va xususiyatlari uning benazir nufuzi, salmog‘i va qadr-qimmatidan dalolat beradi, u mustaqillikning qonuniy poydevori va buyuk kelajagimizning huquqiy kafolatidir.

 

Foziljon Otaxonov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor