Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsiya bilimdonlari aniqlandi
19:30 / 2022-12-26

FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyatidagi “Do‘rmon” ijod uyida Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiya bilimdoni” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Aytish joizki, yoshlarning huquqiy saviyasini o‘stirishda, eng avvalo, mamlakatimiz Bosh qomusi va qonunlarini bilish hamda ularga amal qilish muhim ahamiyatga ega.

Bu borada, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” loyihasi doirasida har yili o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy tanlov o‘tgan davrda erishilgan boy tajriba va bugungi kundagi ijobiy samarasi bilan mamlakatimiz yoshlarning katta qiziqishi va e’tirofiga sabab bo‘lmoqda.

[gallery-10081]

Yosh avlodni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va barcha qonunlariga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimi, ongi va madaniyatini yanada yuksaltirishni maqsad qilgan mazkur tadbirda partiya Siyosiy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, “Yosh adolatchilar” qanoti hamda “Yoshlar parlamenti” a’zolari, faollar, OAV vakillari hamda ko‘rik-tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi g‘oliblari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda partiya a’zolari safida yoshlarning ishtiroki sezilarli darajada ortmoqda. Bu esa o‘z navbatida, O‘zbekiston “Adolat” SDPning xalqimiz, xususan, ertamiz egalari orasida tanilib borayotganining dalolatidir.

Raqamlarga qaralsa, bugungi kunda partiya a’zolarining umumiy soni 542 ming nafardan ziyodni tashkil etib, shundan 250 ming nafari, ya’ni 46 foizdan ortig‘ini, aynan yoshlar tashkil etmoqda. Shuningdek, Oliy majlis qonunchilik palatasi huzurida tashkil etilgan “Yoshlar parlamenti” a’zolarining 45 nafari partiyadan saylangan yoshlardan iborat.

Tanlov g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Kamola Yusupova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA.