Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va Bosh qomusimizning 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari bilan boshlandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisi Alisher Atajanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vaziri Elmurod Tursunov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining birinchi o‘rinbosari Yerpolat Qayipbergenov va boshqa so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, asosiy qonunimiz o‘zining chuqur o‘ylangan tamoyillari va qoidalari bilan ajralib, mamlakatimiz taqdirini, har bir insonning huquq va erkinliklarini belgilashda muhim hujjat hisoblanadi.
1992 yil 8 dekabr kuni mustaqil O‘zbekistonning Konstitutsiyasi qabul qilindi. Konstitutsiyani ishlab chiqishda qonunchilikdagi ilg‘or xorijiy tajribalar bilan birgalikda xalqimizning asrlik mentaliteti, yashash sharoiti, ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan urf-odatlari ham inobatga olindi.
[gallery-26522]
Konstitutsiyada asosiy e’tibor inson va uning huquqlari hamda erkinliklari, ya’ni O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi uchun shaxsiy huquq va erkinliklar, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarning kafolatlari ta’minlandi. Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash orqali fuqarolik jamiyatini barpo etish, buning uchun xalqimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, xalqimizning bugungi hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun ularga munosib turmush sharoitlarini yaratib berish borasida so‘nggi yillardagi olib borilayotgan ishlar alohida qayd etildi.
Asosiy qonunimizda kelajak avlodlarning bilim olishi, kasb-hunar egasi bo‘lishi, ilg‘or fikrli, teran fikrlaydigan, yetuk inson bo‘lib voyaga yetishi uchun zarur bo‘lgan tamoyil va qoidalar belgilab berilgan. So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar ushbu maqsadlarga erishish uchun xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘istonda oliy ta’lim muassasalari soni ikki barobar ortib, ularning moddiy-texnik bazasi takomillashtirilgani, qabul kvotalari soni ko‘paytirilgani, ayniqsa, so‘nggi uch yilda Qoraqalpog‘iston yoshlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 31 mingdan ortiq qo‘shimcha maqsadli grant va to‘lov-kontrakt o‘rni berilgani, umumiy qiymati 145 milliard so‘mlik 2 ming 150 o‘rinlik talabalar turar joylari foydalanishga topshirilgani Konstitutsiyada belgilangan normalarning amaldagi ko‘rinishlari hisoblanadi. Ana shunday imkoniyatlar natijasida yurtimiz yoshlari ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Tadbir davomida institutning milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi kafedrasi mudiri Erkin Tileuov, magistrant Shuhrat Atamuratov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinish tarixi, kiritilgan o‘zgartirishlar, jumladan, 2023 yil 30 apreldagi umumxalq referendumi asosida Bosh Qomusimizning yangi tahrirda qabul qilinganligi, undagi belgilangan normalarning bugungi hayotimizdagi ahamiyati haqida ma’ruzalar qilishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari