Davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida qanday ishlar amalga oshirildi?
Bu savolga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi:
– Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini yoritishga va bayramona ruhni shakllantirishga qaratilgan tarqatma materiallar (banner, videorolik, plakat va boshqalar) tayyorlanib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda vazirlik va idoralarga elektron shaklda yetkazildi.
Aholiga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini yetkazish va Konstitutsiya kuni arafasida tashkil etilayotgan tadbirlar mavzusida matbuot anjumani tashkil qilindi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining barcha moddalari bo‘yicha (o‘zbek tilida) videorolik tayyorlanib, vazirlikning “Youtube”dagi rasmiy sahifasiga joylashtirildi.
“Oriat dono” radiosida Konstitutsiya kuni munosabati bilan Adliya vazirligi bilan hamkorlikda radioviktorina o‘tkazildi.
70 nafar 7-17 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Maftunkor ranglar jilosi” nomli rasmlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada 200 dan ortiq rasmlar namoyish etildi.
Konstitutsiya mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha butun respublika bo‘ylab “Targ‘ibot poyezdi” tashkil qilindi.
“Targ‘ibot poyezdi”ni tashkil qilish bo‘yicha 140 nafar TDYUU o‘qituvchilari va talabalaridan iborat guruh 14 ta hududda dastur asosida ta’lim muassasalari va aholi gavjum joylarda targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirdi.
Toshkent shahridagi 77-son maktabda ko‘zi ojiz shaxslar uchun Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini o‘quvchilarga tushuntirib berish bo‘yicha vazirlik rahbariyati tomonidan ochiq dars tashkil etildi.
Dars yakunida ko‘zi ojiz shaxslar uchun “Brayl” alifbosidagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi o‘quvchilarga kitob va audio formatda tarqatildi.
Barcha tuman (shahar) markazlarida “Konstitutsiya ko‘chasi”ni tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil 5 dekabrda Toshkent shahri Sayilgoh ko‘chasida “Konstitutsiya ko‘chasi”da bir qator ommaviy tadbirlar tashkil etildi.
Jumladan, Konstitutsiyaning yaratilishi, takomillashtirish bosqichlarini ifoda etadigan “Konstitutsiya tarixi” burchagi va fotoko‘rgazmasi, bolalar va yoshlarga Konstitutsiyada belgilangan normalarning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi ko‘rgazmali materiallar burchagi, Konstitutsiyani o‘rgatish bo‘yicha zamonaviy metodika asosida tayyorlangan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va maxsus adabiyotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Shuningdek, konstitutsiyaviy huquqlar bo‘yicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar burchaklari tashkil etilib, mazkur burchaklarda ko‘rgazmali materiallar joylashtirildi.
“Konstitutsiya ko‘chasi” targ‘ibot va ko‘rgazmali bannerlar bilan bezatildi.
Fuqarolarning Konstitutsiyaga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha viktorina o‘tkazilib, g‘olib fuqarolar Konstitutsiya kitobi va boshqa sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Konstitutsiyaning 31 yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan Umummilliy Konstitutsiya imtihoni o‘tkazildi.
Imtihonda respublikaning barcha hududlaridan, shuningdek, xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan jami 210 ming 720 nafar fuqaro ishtirok etdi.
Tanlov 2-bosqichda tashkil etildi. 1-bosqich – test sinovlari, 2-bosqich – suhbat. Tanlovning 1-bosqichida test savollariga eng tez va eng ko‘p to‘g‘ri javob bergan jami 90 nafar (har bir yo‘nalish bo‘yicha 30 nafardan) ishtirokchining ijodiy savolga javoblari hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, shundan 31 nafari (huquqshunoslar yo‘nalishida 11 nafar) final bosqichida ishtirok etdi.
Final bosqichi (suhbat), videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bosqichda ishtirokchilar bevosita o‘zlari yashab turgan hududdagi adliya boshqarmasi binosida qatnashdi. “Konstitutsiya ko‘chasi”da tashkil etilgan tadbirda g‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallarida “Konstitutsiya burchagi” tashkil qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘yicha flayerlar elektron ko‘rinishida barcha DXMlarga yuborildi.
Vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yaratilishi tarixiga bag‘ishlangan hujjatli film suratga olinib, vazirlikning “Youtube”dagi rasmiy sahifasiga joylashtirildi.
“Huquqiy axborot” telegram kanalida “Konstitutsiyaning 30 ta asosiy_qoidasi” rukni ostida kontentlar berib borilmoqda.
Vazirlik xodimlari tomonidan joriy yil 4-6 dekabr kunlari Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida barcha o‘quvchilar uchun Konstitutsiya darslari tashkil etildi.
Vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bag‘ishlangan tadbirlar davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA