FOTOREPORTAJ
Buxoro shahridagi 29-umumta’lim maktabida 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” mavzusidagi haftalik boshlandi.
Haftalik doirasida o‘quvchilarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator ma’rifiy va tarbiyaviy tadbirlar tashkil etilmoqda.
[gallery-26515]
Barcha sinflarda “Mening huquqlarim” mavzuida o‘tkazilgan “Kelajak soati” darsida o‘quvchilar bolalar huquqlari, Konstitutsiyaning asosiy tamoyillari, fuqarolik burchi va mas’uliyati haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Bahs-munozaralar, interfaol savol-javoblar orqali mavzu yanada qiziqarli o‘zlashtirildi. Rasmlar tanlovida esa o‘quvchilar Bosh qomusimiz, adolat, tenglik, tinchlik va Vatan ravnaqi kabi tushunchalarni o‘z ijodiy tasavvurlari orqali ifodaladi. Eng yaxshi ijodiy ishlar maktabning ko‘rgazma maydoniga joylashtirildi. Insholar tanlovida yuqori sinf o‘quvchilari Konstitutsiyaning hayotimizdagi o‘rni, uning inson huquqlarini himoya qilishdagi ahamiyati va har bir fuqaroning qonun oldidagi burchi haqida chuqur mazmunli, fikrga boy yozma ishini taqdim etdi. Ingliz tili darsida esa “The role and importance of the Constitution in our lives” mavzusida maxsus mashg‘ulotlar tashkil etildi. Unda o‘quvchilar Konstitutsiya haqida ingliz tilida matnlar o‘qish, fikr bildirish, kichik taqdimotlar tayyorlash orqali nafaqat til ko‘nikmalarini, balki huquqiy bilimlarini ham mustahkamladi.
Haftalik davomida tashkil etilgan barcha tadbirlar o‘quvchilar qalbida Vatanga sadoqat, qonunlarga hurmat, fuqarolik mas’uliyatini anglash kabi tuyg‘ularni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA