Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konstitutsion o‘zgarishlar aholi uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi
18:45 / 2022-06-28

Ayni kunlarda vazirlik va idoralarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Davlat statistika qo‘mitasida ham ayni mavzuga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazilib, unda qiziqarli muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Sharofiddin Nazarov taklif etilgan tadbirda Davlat statistika qo‘mitasi raisi boshchiligida markaziy apparat boshqarma boshliqlari va o‘rinbosarlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti rahbariyati va hududiy statistika boshqarmalari xodimlari ishtirok etdi.

Qo‘mita raisi Bahodir Begalov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati borasida o‘z fikr-munosabatlarini bildirib, Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustun ekanligini qayd etdi.

Shuningdek, Sharofiddin Nazarov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida batafsil, moddama-modda to‘xtalib o‘tdi. Xususan, fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, mulk daxlsizligini kafolatlash, tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekani borasidagi o‘zgartirishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

– Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlarda "Inson qadri" tamoyili ustun, – dedi Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov. – Asosiy qonunimizda «O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» degan g‘oyaning ilgari surilishi – barcha islohotlarda inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini ta’minlaydi. Zero, hozir xalqimiz muallifligida ishlab chiqiladigan Yangi O‘zbekistonning Konstitutsiyasi har birimizning bugun va kelajakda farovon hayot kechirishimizni ta’minlashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida ustozga bo‘lgan yuksak ehtirom, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaslik yuzasidan kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida ham atroflicha so‘z yuritildi.

Qo‘mita xodimlari ham Konstitutsiyaviy komissiya a’zosiga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilib, atroflicha javob oldi. Shuningdek, bir qator takliflar bildirildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA