Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
KONSTITUSIYAVIY ISLOHOTLAR: Sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkalashga xizmat qilishi shubhasiz.
18:27 / 2022-07-01

Bugun butun dunyo jamoatchiligining diqqati Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga, aniqrog‘i Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga qaratilgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Konstitutsiyaviy islohotlarning oliy maqsadi, avvalo inson qadrini ulug‘lash, shuningdek, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarining sudlar tomonidan munosib himoya qilish mexanizmlarini yanada takomilashtirishdan iboratdir. Davlatimiz rahbari bu haqda takror va takror ta’kidlanayotgani bejiz emas. Chunki, har qanday mamlakatda inson qadrini ulug‘lash, eng avvalo, sud hokimiyati mustaqqilligini ta’minlashdan boshlanadi. Ya’ni, huquqiy demokratik davlatda inson, uning qadri, sha’ni va obro‘si faqat sudlar tomonidan himoya qilinadi. Sudning qarorisiz hech kim qonunda belgilangan huquqlaridan mahrum etilishi mumkin emas.

Mamlakatimiz sud hokimiyati tizimida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi o‘zining alohida o‘rniga ega. Chunki, Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi. Ushbu vakolat, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish zaruratini kun tartibiga olib chiqadi.

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi davom etayotgan bir palla, ayrim takliflar bilan o‘rtoqlashishni zarur deb hisoblaymiz.

Ushbu takliflarimiz asosan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 108-moddasiga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan mutaxassislar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilini qo‘shgan holda saylanadi.

Konstitutsiyaviy sudning har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. Senat a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozini olgan shaxs saylangan hisoblanadi.

Konstitutsiyaviy sud rais va uning o‘rinbosarini qo‘shgan holda Konstitutsiyaviy sudning to‘qqiz nafar sudyasidan iborat bo‘ladi.

Birinchi taklif: Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarini Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vakolatiga ega ekan, demak uni saylovlar asosida shakllantirish tartibi bekor qilinishi kerak. Kelgusida, Konstitutsiyaviy sudning to‘qqiz nafar sudyasidan besh nafarini tayinlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vakolatiga va 4 nafar sudyani tayinlash vakolati esa, Oliy Majlisga berilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shu o‘rinda, ko‘pchilikda nima uchun degan savol paydo bo‘lishi tabiiy, albatta. Bizningcha, yuqoridagi konstitutsiyaviy normadan ko‘rinib turibdiki, qonun chiqaruvchi hokimiyat hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi. Demak, Konstitutsiyaviy sudni saylashda, ya’ni sudyalikka nomzodlar taqdim etish vakolatiga qonun chiqaruvchi hokimiyat ham ega bo‘lishi zarur. Bu davlat hokimiyati tarmoqlarini o‘zaro muvozanatda saqlash va bir-birini tiyib turish prinsipiga to‘liq muvofiq bo‘ladi.

Ikkinchi taklif. Konstitutsiyaviy sud raisi va uning o‘rinbosari lavozimiga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etish amaliyotini joriy etish kerak. Bunda Konstitutsiyaviy sud raisining o‘rinbosari nomzodi albatta, Oliy Majlis taqdim etgan nomzodlar orasidan bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy sudni saylash bilan bog‘liq bunday amaliyot dunyo tajribasida bor. Masalan, Germaniya Federativ Respublikasining Asosiy Qonuni 94-moddasida Federal konstitutsiyaviy sud federal va boshqa a’zolardan tashkil topishi. Federal konstitutsiyaviy sud tenglik asosida Bundestag va Bundesrat tomonidan saylanishi. Ular na Bundestag, na Bundesrat, na Federal hukumat, na tegishli yerlar organlariga a’zo bo‘lmasligi kerak. GFR Federal konstitutsiyaviy sudi 16 kishidan iborat.

Shuningdek, “Kozog‘iston Respublikasining Konstitutsiyaviy Kengashi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 3-moddasida Konstitutsiyaviy Kengash raisi respublika Prezidenti tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi. 

Konstitutsiyaviy Kengashning ikki nafar a’zosi Respublika Prezidenti tomonidan lavozimiga tayinlanadi. Ikki nafardan a’zoni tegishlicha Parlament palatalari Senat va Parlament Majlisi raislari taqdimiga asosan tayinlanadi. Konstitutsiyaviy Kengash a’zolarining yarmi har uch yilda yangilanib boriladi.

Belorus Respublikasining 2006 yil 29 iyunda qabul qilingan Belorus Respublikasining sud tuzilishi va sudyalar maqomi Kodeksini 20-moddasida Belorus Respublikasining Konstitutsiyaviy sudini tashkil etish tartibi belgilangan bo‘lib, unga muvofiq oltita sudya Belarus Respublikasi Prezidenti tomonidan, yana oltita sudya Belarus Respublikasi Milliy majlisi Kengashi tomonidan tayinlanadi.

Konstitutsiyaviy sud faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bu uning qonunchilik tashabbusi huquqidir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga binoan Konstitutsiyaviy sud qonunchilik tashabbusiga ega bo‘lib, bu huquq qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiradi. Ma’lumki, sudlar huquq sohasidagi nizolarni hal qilishar ekan, bunda ular ijtimoiy hayotning tegishli sohasida mavjud huquqiy bo‘shliklar, huquqiy tartibga solishdagi kamchiliklarni aniqlash bo‘yicha keng imkoniyatlarga egadirlar. Shu ma’noda ularga qonunchilik tashabbusi huquqining berilishi qonun ijodkorligi jarayoni va huquqiy tartibga solishning samaradorligini oshirishga qaratilgan, desak xato bo‘lmaydi. Ta’kidlash joizki, aksariyat xorijiy davlatlarda sudlar bunday huquqqa ega emas. Faqat, Rossiya federatsiyasi, Tojikiston va Qirg‘iz Respublikalarining qonunchiligida sud hokimiyati oliy organlarining qonunchilik tashabbusi huquqi belgilangan. Biroq, Qirg‘iz Respublikasida bunday huquqqa Konstitutsiyaviy sud ega emas. Ayni paytda, ushbu davlatlarda sudning qonunchilik tashabbusi huquqi uning vakolat doirasi bilan chegaralab qo‘yilganligini ham qayd etish lozim.

O‘rni kelganda ta’kidlashni istar edikki, Qirg‘iz Respublikasi Konstitutsiyaviy sudni qonunchilik tashabbusiga ega emasligi ko‘pchilik Yevropa mamlakatlari qonunchiligiga mos keladi. Chunki, ayrim xorijlik huquqshunoslar Konstitutsiyaviy sud tomonidan parlamentga qonunlar loyihalarini qonunchilik tashabbusi asosida kiritilishi uning huquqiy tabiatiga to‘g‘ri kelmaydi. Axir qonunlarni Konstitutsiyaga muvofiqligi aniqlash vakolatiga ega bo‘lgan organ qanday qilib qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lishi mumkin, degan iddaoni ilgari suradilar.  Konstitutsiyaviy sud o‘zi kiritgan qonun loyihasining biron bir normasini ozroq muddat o‘tgandan keyin, Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash haqidagi ishni ko‘rib chiqmaydi, deb kim kafolat beradi. Aynan shu nuqtai nazardan olganda, ko‘pchilik mamlakatlarda Konstitutsiyaviy sudga qonunchilik tashabbusi huquqini berilmasligi to‘g‘ri bo‘lgan. Kelgusida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qonunchilik tashabbusi huquqini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Uchinchi taklif. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati vakolat muddati besh yil. Demak har besh yilda parlament saylovlari amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘tkazib boriladi. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, keyingi vaqtlarda ayrim mamlakatlarda bo‘lib o‘tgan parlament va prezident saylovlari, ozchilik tomonidan bo‘lsada, (siyosiy partiyalar vakillari va muxolifat) Konstitutsiyaga nomuvofiq tarzda bo‘lib o‘tdi, degan iddaolar qilinmoqda. Kelgusida bu kabi e’tirozlarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, Prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi haqida xulosa berish Konstitutsiyaviy sud vakolatiga berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bunday amaliyot dunyoning aksariyat mamlakatlari qonunchiligida mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, bunga Moldova, Gruziya va boshqa davlatlarning tajribasi misol bo‘la oladi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda o‘tkazilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlar – davr talabi ekan, demak bunda, sud hokimiyatining faoliyatini yanada takomillashtirish zarur bo‘ladi. Bu esa, kelgusida adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

ABDUMANNOB RAXIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi 

Prezidenti huzuridagi 

Davlat boshqaruvi akademiyasi 

mustaqil izlanuvchi doktaranti, 

yuridik fanlar nomzodi