Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konsititutsiya – Yangi O‘zbekiston yoshlarining huquqlarini ro‘yobga chiqarish poydevori
12:20 / 2023-12-07

Ma’lumki har qanday jamiyatning rivojlanishi uning tarixiy taraqqiyoti ertangi kunining davomchilari bo‘lgan yoshlarning qanday bilim olishi, fikrlashi hamda dunyoqarashining shaklanganligi bilan bog‘liq. Ayniqsa, ertangi kun rivojlanishini oldindan bashorat qilgan har qanday davlat o‘zining avlodlarini jismonan sog‘lom, ruhan va aqlan kamolga etgan, mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sodiq, qat’iy hayotiy nuqtai nazarga ega shaxslar qilib tarbiyalashga asosiy e’tibor beradi

Zero, bugungi kunda mamlakatimizda iste’dodli yoshlarni aniqlash, ularni tarbiyalash masalasining davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligi yurtimizda o‘rnak olsa arzigulik hodisa. Boisi yoshlarning bilim darajasi, kasbiy malakasi, ma’naviy va ruhiy barkamollik kabi fazilatlari va ijtimoiy sifatlari butun jamiyatning rivojlanish darajasiga salmoqli ta’sir ko‘rsatadi. Buni o‘z vaqtida anglab yetgan mamlakat esa yoshlarning har tomonlama rivojlanishi uchun o‘zida bor imkoniyatlarni ishga solib sharoit yaratadi va uni xalqaro darajada yoyishga bel bog‘laydi.

Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 23-sentabr kuni Amerikaning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning 75-sessiyasidagi nutqida mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etishini, respublikamizda har bir yigit-qizning jamiyatda munosib o‘rin egallashi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun ulkan ishlar amalga oshirilayotganligini, yurtimizda Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi faoliyat ko‘rsatayotganligini, shuningdek avgust oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilganligini ta’kidlab, muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqlarida yana bir bor “Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini» qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashni bildirib o‘tdilar. E’tiborli jihati shundaki, yurtboshimiz tomonidan bugungi kun yoshlariga berilayotgan keng imkoniyatlar va yaratilayotgan shart-sharoitlar ularning jamiyat hayotida yanada faol bo‘lishiga, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda yuritilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati yoshlarda mustaqil faoliyat, yangi davrga mos keladigan ijtimoiy-ma’naviy xislatlarni, xususan, globallashuv sharoitida muhim ahamiyat kasb etadigan milliy o‘zlikni anglashning nazariy-metodologik va amaliy asosini tashkil qiladi.

Yoshlarimizga munosib hayot sharoiti yaratish uchun esa barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv, ijtimoiy kafolatlar bo‘lishi lozim. Shu ma’noda, ayni masalaning yechimi ham mustahkam huquqiy poydevori ham – O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yildi.

Bunga yaqqol misol sifatida, avvalo, Asosiy qonunimizning alohida bobi – XIV bob «Oila, bolalar va yoshlar» deb nomlanganiga hamda undan yoshlarga oid qator normalar o‘rin olganiga e’tibor qaratish darkor. Bunday yangicha yondashuv, shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligidan yaqqol dalolatdir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat tomonidan yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtiroki rag‘batlantirilishi kafolatlab qo‘yildi. Konstitutsiyamizning 79-moddasi birinchi bandida qayd etilganidek: «Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi».

Bosh qomusimizda, shuningdek, davlat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg‘ulari shakllanishiga g‘amxo‘rlik qilishi belgilandi. Bu haqda Konstitutsiyaning 78-moddasi to‘rtinchi bandida shunday deyilgan: «Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi».

Yana bir muhim jihat: yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida Asosiy qonunga kiritildi. Konstitutsiyaning 79-moddasi ikkinchi bandiga ko‘ra: “Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi».

Shu o‘rinda yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifasi etib belgilanganini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Ta’limga oid normalar 50,51 va 52-moddalarda o‘z aksini topdi.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasi birinchi bandida: «Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi», deb ta’kidlangan. Zero, intellektual salohiyatini yuqori, dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir.

Umuman olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mamlakatimiz yoshlarining huquqlarini ro‘yobga chiqarish masalasida o‘z zimmasiga g‘oyat muhim majburiyatlarni olgani alohida diqqatni tortadi. Eng asosiysi, mazkur konstitutsiyaviy normalar nafaqat O‘zbekiston yoshlari manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun nihoyatda ahamiyatlidir.

Shu boisdan, katta avlod vakillari tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz «Yoshlar Konstitutsiyasi» deya e’tirof etilayotgani bejiz emas.

Zoxid Alimardonov,

O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash kafedrasi boshlig‘i, pedagogika fanlari falsafa doktori (PhD), dotsent