Keyingi yillarda milliy san’atimiz rivoji yo‘lidagi e’tibor bu borada xalqaro hamkorlikning tobora kengayishiga imkon yaratmoqda.
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi jahonning ko‘plab davlatlari bilan ijodiy muloqot o‘rnatgani birgalikdagi festivallar, tanlovlar, musiqiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini yaratmoqda.

Mazkur oliy o‘quv yurtining talaba va bitiruvchilaridan iborat O‘zbekiston davlat simfonik orkestri Chexiya Respublikasining Praga shahrida joylashgan mashhur “Smetana Hall” konsert zalida musiqiy dastur bilan ishtirok etdi.
Konsertda O‘zbekiston xalq artisti, Konservatoriya rektori Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi simfonik orkestr hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Maxsus fortepiano kafedrasi mudiri Madina Fayziyeva ishtirok etdi.

Tinglovchilarga Antonin Dvorjak, Sergey Raxmaninov, Pyotr Chaykovskiy kabi jahon kompozitorlarining mashhur asarlari taqdim etildi.
1 ming 200 nafardan ortiq tomoshabinni qamrab olgan “Smetana Hall” konsert zalidagi ushbu musiqiy dastur yevropalik tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.

Aytish kerakki, O‘zbekiston davlat simfonik orkestrining tarkibini asosan Konservatoriyaning iqtidorli talabalari va bitiruvchilari tashkil etadi.
Ularning katta sahnadagi bunday ishtiroklari, san’atimizni munosib tarzda taqdim etishlari yosh ijrochilar salohiyatini namoyon etish, professional tajriba orttirish hamda xalqaro maydonda o‘zbek musiqasini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova,
O‘zA