Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konserva mahsulotlarini iste’mol qilishda ogohlik zarur
12:02 / 2022-12-23

Qish faslida ko‘pchilik uy sharoitida tayyorlangan konservalangan mahsulotlarni iste’mol qilishni ma’qul ko‘radi. Biroq bunday oziq-ovqatlardan zaharlanish ehtimoli yuqori.

– Chunki xonadon sharoitida konserva mahsulotlarini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan texnologik jarayonlarga rioya qilish imkonsiz, –deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarma boshlig‘i Anvar Shukurov. – Qayd etilgan holatlarning 40-45 foizi uy sharoitida tayyorlangan konserva va marinadlarga to‘g‘ri kelib, bunda hatto o‘limga olib keluvchi eng og‘ir turdagi zaharlanish – botulizm kasalligi rivojlanadi. Vaholanki, botulizm qo‘zg‘atuvchisi tashqi muhitga o‘ta chidamli bo‘lib, 100 S darajada 6 soat, 120 S haroratda esa 10 daqiqagacha tirik qoladi.  

 Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, botulizm kasalligida nafas olish qiyinlashishi, qorin sohasida og‘riq, jismlar ko‘zga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutinish qiyinlashishi va gapirish qobiliyati pasayishi kuzatiladi.  Ko‘ngil aynishi va qusish takrorlanadi. Umumiy holsizlik va zaiflik kabi belgilar namoyon bo‘ladi.  

 – Bunday vaziyatlarda shifokorga darhol murojaat qilish lozim, – deydi A.Shukurov. – O‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasligi bemorning nafaqat sog‘lig‘i, balki hayotiga ham xavf solishi mumkin. Buning oldini olishda eng oddiy, ammo samarali qoidalarga amal qilish yetarli. Ya’ni oziq-ovqat mahsulotlarini faqat belgilangan joylardan ularning yaroqlilik muddatlariga e’tibor qilgan holda xarid qilish sifati kafolatlanmagan, uy sharoitida tayyorlangan oziq-ovqatlarni sotib olmaslik kerak.  

Shuningdek, oziq-ovqatlarni ortiqcha xarid qilmaslik, ularning saqlash sharoitlariga e’tibor berish, taom tayyorlashdan avval yoki ovqat pishirish chog‘ida shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etish lozim. Taomlarni me’yor darajasida tayyorlash va ularni iste’mol qilish qoidalari hamda madaniyatiga amal qilish maqsadga muvofiq.   

O‘zA