Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida tashkil etilgan anjumanda o‘tgan yil davomida yurtimizda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash borasida olib borilgan ishlar tahlil qilindi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mutasaddilari ta’kidlaganidek, yurtimizda yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemik vaziyat barqarorligini ta’minlash, kasalliklarning chetdan kirib kelishining oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Profilaktik va ommaviy emlash tadbirlari natijasida aholi o‘rtasida boshqariluvchi yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik barqarorlik ta’minlanib, qo‘lga kiritilgan eliminatsiya sertifikatlari saqlab qolindi.
2025-yilda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovi respublika bo‘yicha 95 foizni tashkil etdi. Jami 5,6 million bola 13 turdagi vaksina bilan emlandi. Emlash tadbirlari milliy emlash kalendari asosida tashkil etildi.
Bugungi kunda virusli gepatitlar, xususan, gepatitning B va C turlari jahon miqyosida aholi salomatligiga jiddiy tahdid soluvchi kasalliklardan biri hisoblanadi. 2025-yilda virusli gepatit B va C turlariga skrining tekshiruvlari uchun qo‘shimcha 510 mingta ekspress-test ajratilib, hududlarga yetkazildi. Natijada skrining uchun taqdim etilgan testlar umumiy soni 2 million 434 ming 900 tani tashkil qildi.
[gallery-27840]
2022-2025-yillar davomida davlat byudjeti mablag‘lari hamda Misr Arab Respublikasi tomonidan taqdim etilgan dori vositalari hisobidan surunkali virusli gepatit C bilan kasallangan 47 ming 732 nafar bemor to‘liq davolandi. Bu mazkur dasturning yuqori klinik va ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini tasdiqlaydi.
Qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov 2025-yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, hamkor tashkilotlar bilan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida sifati va xavfsizligi kafolatlanmagan, yaroqlilik muddati o‘tgan, organoleptik ko‘rsatkichlari me’yor talablariga javob bermaydigan 33 ming 230 tonna oziq-ovqat mahsuloti belgilangan tartibda brakeraj qilindi. Jumladan, 259 tonna shakar va qandolat mahsulotlari, 251 tonna spirtli va salqin ichimliklar, 220 tonna meva-sabzavot va poliz mahsulotlari, 106 tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlari yo‘q qilindi.
2025-yilda respublika bo‘yicha 44 ta holatda ovqatdan zaharlanish qayd etildi. Ularning 6 tasi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari orasida kuzatilgan. 29 ta holatda uy sharoitida tayyorlangan sabzavotli konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida 63 nafar fuqaro (shundan 17 nafari bola) jabrlangan.
Aholi o‘rtasida yuqumli oshqozon-ichak kasalliklari va ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish maqsadida qator davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolardan uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari hamda sifati kafolatlanmagan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslik so‘raldi.
2025-yil davomida qo‘mitaga jismoniy va yuridik shaxslardan 3 ming 877 ta murojaat kelib tushgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 82 foizi ijobiy hal etilgan yoki huquqiy tushuntirish berish orqali qanoatlantirilgan.
Qo‘mita faoliyatida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Unda xavf darajasi yuqori bo‘lgan 7 ta soha aniqlanib, nazorat va profilaktik choralarni kuchaytirish belgilandi. Shuningdek, xavf darajasi o‘rta deb baholangan 17 ta yo‘nalish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Qo‘mita tashqi hamkorlik doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF, AQSH kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, KOICA, BMT oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Codex Alimentarius fondi, Mercy Corps, Rospotrebnadzor, Xalqaro migratsiya tashkiloti hamda Robert Koch instituti bilan hamkorlikda jami 18 ta istiqbolli loyihani amalga oshirmoqda.
Shuningdek, qo‘mitaning 12 nafar mutaxassisi 3 oylik amaliy epidemiologiya dasturi (FETP) Frontline kurslarida tahsil oldi. CDCning 2 yillik magistratura yo‘nalishi bo‘yicha 3 nafar mutaxassis S.Asfendiyarav nomidagi milliy tibbiyot universitetiga o‘qishga yuborildi.
Qayd etilganidek, qo‘mita zimmasiga yuklatilgan vazifalar 2026-yilda ham izchil davom ettiriladi.
Anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Mohigul Qosimova, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA