Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiradigan talabalar davlat bojidan ozod etiladi
12:16 / 2023-07-13

Yurtimizda san’at va madaniyatni rivojlantirish, zamonaviy milliy estrada ijrochilarining professional mahoratini oshirish hamda iqtidorli yosh xonandalarni kashf etish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Xususan, estrada ijrochilarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, badiiy jihatdan yuksak musiqa asarlarini keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda sohada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bilan birga, konsert-tomosha faoliyati uchun amaldagi soliq va davlat bojlari to‘lovlarini soddalashtirish, samarali mehnat qilgan, nafaqaga chiqqan, nogironligi bo‘lgan san’atkor va talaba-yoshlarning ijodiy faoliyatini manzilli qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini mustahkamlash zarurati mavjud. 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar tomonidan davlat boji to‘lovlari 6 ta reyting guruhlari asosida amalga oshiriladi. Qolaversa, konsert-tomosha faoliyati uchun litsenziya olish bilan birgalikda, har oyda ijtimoiy soliqlar to‘lab boriladi. Bu esa respublikamizning chekka hududlarida ijod qilib kelayotgan san’atkorlarga, ayniqsa, keksa, nafaqa yoshidagi san’atkorlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda talaba-yoshlarning konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.      

Shu bois “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, unda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.    

Xususan, konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi III reyting guruhiga ega jismoniy shaxslar 2024 yil 1 yanvarga qadar qat’iy belgilangan miqdordagi soliq to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilmoqda. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan va yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar, ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar o‘qish muddati davomida konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun davlat boji to‘lashdan ozod etilishi belgilanmoqda.    

Bu kabi yangiliklar konsert-tomosha faoliyatini litsenziya asosida amalga oshiruvchi ijrochilarning reyting guruhlari sonini qisqartirish, litsenziya uchun davlat boji stavkalarini pasaytirish, shuningdek, madaniyat va san’at sohasi vakillariga yengillik yaratish, mamlakatimizda milliy madaniyatni yanada rivojlantirish, xalq og‘zaki ijodiyotini yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.    

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kuni kecha bo‘lib o‘tgan majlisida ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.    

   

Muhtarama Komilova,  

O‘zA