Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konrad Adenauer jamgʻarmasi: oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlik
20:16 / 2019-01-16

Erkinlik, adolat va hamjihatlik. Ushbu umumbashariy qadriyatlarKonrad Adenauer jamgʻarmasi faoliyatining asosiy tamoyillari hisoblanadi. Jamgʻarma Germaniya Federativ Respublikasining siyosiy fondi boʻlib, mamlakatning yetakchi partiyalaridan biri – Xristian demokratik ittifoqi negizida tashkil topgan.

Erkinlik, adolat va hamjihatlik. Ushbu umumbashariy qadriyatlarKonrad Adenauer jamgʻarmasi faoliyatining asosiy tamoyillari hisoblanadi. Jamgʻarma Germaniya Federativ Respublikasining siyosiy fondi boʻlib, mamlakatning yetakchi partiyalaridan biri – Xristian demokratik ittifoqi negizida tashkil topgan.

Hozir 100 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritayotgan mazkur fond 1955 yili Bruno Heke tomonidan kichik jamgʻarma sifatida tashkil etilgan. Oradan biroz vaqt oʻtgach, yaʼni 1964 yili jamgʻarmaga Germaniya Federativ Respublikasining birinchi Federal kansleri Konrad Adenauer nomi beriladi.

Shu oʻrinda nemis tarixida oʻchmas iz qoldirgan Konrad Adenauer haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Adenauer Ikkinchi jahon urushidan keyingi Germaniyaning ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham ijtimoiy bunyodkori sanaladi. Mamlakatni iqtisodiy va siyosiy tang ahvoldan mardonavor olib chiqqan Adenauer tarixda zamonaviy Germaniyaning bosh islohotchisi sifatida muhrlanadi.

Hali hayotlik davridayoq oʻz jamgʻarmasiga asos solgan Konrad Adenauer bosqichma-bosqich uning aniq maqsadlari va aniq yoʻnalishlarini belgilab oladi. Xususan, Adenauer jamgʻarmasining asosiy faoliyati turli madaniy-maʼrifiy tadqiqotlar, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish va isteʼdodli talabalarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan boʻlib, sayyoramizni ilm-fan orqali yanada rivojlantirishni koʻzlaydi.

Jamgʻarmaning yana bir oʻziga xosligi shundaki, unda asosiy eʼtibor insonning huquq va jamiyat oldidagi majburiyatlarini shakllantirishga qaratilgan. Bu ijtimoiy adolat, erkin demokratiya va barqaror boshqaruvning asosi hisoblanadi. Ijtimoiy masʼuliyatni his etuvchi insonlarni birlashtirish orqali jamgʻarma iqtisodiyot va jamiyatda faol tarmoqlarni rivojlantirishni maqsad qilgan.

Konrad Andenauer jamgʻarmasi Markaziy Osiyoda oʻz faoliyatini 1994 yilda boshlagan boʻlib, hozir Toshkent va Ostona shaharlarida filiallariga ega.

Jamgʻarma mamlakatimizda hozirgi kunga qadar iqtisodiyot, ekologiya, taʼlim va davlat boshqaruvi sohalarida 10 dan ortiq loyihani amalga oshirdi. Fond ayni paytda Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti kabi davlat va nodavlat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda.

Jamgʻarma tomonidan oʻzbekistonlik jurnalistlar malakasini oshirishga qaratilgan bir qator seminar-treninglar oʻtkazilayotgani, mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun malakali kadrlar tayyorlashga yoʻnaltirilgan taʼlim grantlarining ajratilishi Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Shu oʻrinda qayd etish joizki, Konrad Adenauer jamgʻarmasining asosiy maqsadi mustahkam hamkorlik orqali har bir mamlakatni erkin va mustaqil rivojlanishiga koʻmaklashishdan iboratdir. Mustaqillikning oʻtgan yillarida Oʻzbekiston bilan Konrad Adenauer jamgʻarmasi oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaqin hamkorlik aloqalari shakllandi va izchil rivojlanib bormoqda.