Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konlarni bashorat qilish uchun yangi matematik usullarni yaratgan geolog
09:00 / 2021-04-30

Vatanimiz tarixidagi 30 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1931 yil (bundan 90 yil oldin) – kimyogar olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Mirhoji Asqarov tavallud topdi (vafoti 2020 yil). U 50 dan ortiq yangi monomerlarning polimerlanish kinetikasi va mexanizmini o‘rganish natijasida xossalari barqarorlashtirilgan karbonzanjirli plastmassalarni barpo etgan.

1935 yil (bundan 86 yil oldin) – geolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Fayzulla Usmonov tavallud topdi (vafoti 2008 yil). U Ye.E.Rahimova bilan hamkorlikda birinchi marta Yer yo‘ldoshlaridan olingan ma’lumotlar bo‘yicha geologik ob’ektlarda minerallarni miqdoriy aniqlashning nazariyasi va uslublarini yaratdi.

Fayzulla Usmonov statistik nazariy tahlil asoslarini va konlarni bashorat qilish uchun yangi matematik usullar tavsiya qildi va ular asosida kompyuter dasturlar majmuasini va “Geoanaliz” nomli kompyuter axborot tizimini yaratdi.

1960 yil (bundan 61 yil oldin) – O‘zbekiston hukumati qaroriga asosan Tuyabo‘g‘iz suv omboriga “Toshkent dengizi” nomi berildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, suv ombori atrofida dam olish hududi tashkil etilgan. Suv ombori Toshkent viloyatining Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, O‘rta Chirchiq, Quyi Chirchiq tumanlarida sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minotini yaxshilashga imkon berdi.

1964 yil (bundan 57 yil oldin) – Sirdaryo viloyatidagi Sardoba tumani tashkil etildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, tumanning nomi hisoblangan “sardoba” so‘zi fors tilidan olingan. U usti gumbaz shaklidagi g‘isht qurilma bilan berkitilgan sun’iy hovuz ma’nosini anglatadi. Qadim zamonda suvsiz yerlarda, cho‘llarda, karvon yo‘llarida g‘ishtdan qurilgan usti yopiq hovuzning nomi shunday bo‘lgan.

1991 yil (bundan 30 yil oldin) – Toshkent metropoliteni ikkinchi yo‘lining oxirgi liniyasi – “Tinchlik” va “Beruniy” stansiyalari foydalanishga topshirildi.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki a’zosi bo‘ldi.

1993 yil (bundan 28 yil oldin) – Toshkentda Germaniya elchixonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

1993 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Braziliya Federativ Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini o‘rnatdi.

1994 yil (bundan 27 yil oldin) – Birlashgan Millatlar Tashkilotining narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Xalqaro dasturining asosiy qoidalariga muvofiq hamda narkotik moddalarga qarshi kurash olib borish ishlarini muvofiqlashtirish va O‘zbekiston o‘z zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat komissiyasi tuzildi.

1998 yil (bundan 23 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining Oila va Yer kodekslari tasdiqlandi.

1999 yil (bundan 22 yil oldin) – Jizzax viloyatidagi Yangiobod tumani tashkil etildi. Tuman hududida Xo‘jamushkent bobo, Rustam bobo, Sayidon Aziz, Changaul kabi ziyoratgohlar bor.

2004 yil (bundan 17 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi