2020 yil 5 oktyabrda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingan.
Unga asosan mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur ishlar doirasida yaqinda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatda ilk bor Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi to‘liq ishga tushirildi.
Bugun “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etgan press-turda ushbu Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Dastlab mutaxassislar ushbu markazning qay tartibda ishlashi va uning jamiyat faoliyatidagi ahamiyati xususida to‘xtalib o‘tdi.
Unda ta’kidlanishicha, markazlashgan tashkiliy-raqamli boshqaruvni yaratish jamiyatga quduqlarni burg‘ilash muddatini 45 foizgacha qisqartirish va ularning qurilish qiymatini 35 foizga kamaytirish imkonini beradi. Har bir quduq qurilishi uchun ko‘zda tutilgan loyihaviy qiymatdan 4 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mgacha iqtisod qilish imkoni paydo bo‘ladi. Markazning eng muhim vazifalaridan biri real vaqt rejimida burg‘ilash jarayonlarini kuzatib borishdan iboratdir.
“O‘zbekneftgaz” AJ burg‘ilash ishlarini muvofiqlashtirish departamenti boshlig‘i Elyor Mamatov ushbu markazni ishga tushirish katta yangilik ekanini va u tizimni yanada takomillashtirishda har tomonlama keng imkoniyatlarni yaratib berganini qayd etdi.
– Burg‘ilash ishlarini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va masofaviy monitoring tizimlari tufayli markaz mutaxassislari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya va baxtsiz hodisalarni tezkorlik bilan aniqlash va uning oldini olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Ma’lumotlarni Burg‘ilash ishlarini boshqarish markaziga yetkazish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi. Har bir burg‘ilash uskunasidan burg‘ilash rejimlarining asosiy parametrlari bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida uzatiladi, internet orqali ma’lumotlar bosh ofisda joylashgan kompaniya serveriga uzatiladi. Shundan so‘ng ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minot yordamida burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlar parametrlar va diagrammalar ko‘rinishida ekranda aks ettiriladi. To‘liq rejimda ish boshlagan Markaz tomonidan O‘zbekistonning chekka hududlarida joylashgan “Dengizko‘l”, “Zevarda”, “Yangi Tegirmon”, “Sho‘rtan”, “Quyi Sharqiy Berdaq” va “Quyi Surgil” konlaridagi 23 ta dastgohning burg‘ilash jarayoni onlayn 24/7 rejimida nazorat qilib borilmoqda, – dedi E.Mamatov.
Ayni paytda mutaxassislar quduqlarni burg‘ilash jarayonini onlayn kuzatish barobarida, burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, quduqlar qurilish jarayonining samaradorligi va xavfsizligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqmoqda.
Press-turda markazda ishlayotgan mutaxassislar haqida ham so‘z bordi. Unda markaz faoliyatining muhim vazifalaridan yana biri kadrlarni o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ekani, ayni paytda markaz xodimlari muhandislik hisoblarga ixtisoslashgan maxsus dasturiy ta’minotdan foydalangan holda o‘z tajribalarini orttirayotgani aytib o‘tildi.
Bosh mutaxassis Nurbek Namozov Burg‘ilash ishlarini boshqarish markaziga test sinovi va suhbat asosida ishga qabul qilinganini ta’kidladi.
–Quduqlarni burg‘ilash sohasi bo‘yicha 10 yillik tajribaga egaman. Faoliyatimni konlarda ishlash bilan boshlaganman. Markazda ishlash jarayonimda bu tajribam qo‘l kelayapti. Hozir bu yerda men to‘rt hududdagi quduqlarni burg‘ilash jarayonini onlayn kuzatib boraman. Ularda qandaydir holatlar sodir bo‘lsa, uning yechimi uchun tavsiyalar berib boraman, –dedi N.Namozov.
Press-tur yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/fdikPRQeK5Q" title="Konlardagi burgʻilash jarayoni onlayn 24/7 rejimida nazorat qilib borilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Nasiba Ziyodullayeva, Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video-montaj), O‘zA