Bu yil erta bahorda konimexlik dehqon fermerlar 500 gektar maydonga chigit qadab, g‘o‘za parvarish qilishdi. Bugun ular salkam to‘qqiz oy qilgan mashaqqatli mehnatlari samarasi sifatida – 1682 tonnalik xirmon bunyod etilib, paxta xomashyosi yetishtirish shartnomaviy rejasi yuz foizdan oshirib bajarildi, deydi Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati.
Shu munosabat bilan Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev paxtakorlarga zafarnoma yo‘lladi.
«Xalqimiz konimexliklarni lafzi halol, mard, fidoyi va zahmatkash, omilkor dehqon sifatida yaxshi biladi. Qolaversa, joriy qishloq xo‘jaligi mavsumining nihoyatda kutilmagan sinovlariga dosh berib, tabiat injiqliklariga qaramay sabot va matonat bilan oldingizga qo‘ygan maqsad sari og‘ishmay samarali mehnat qilganliklaringiz buni yana bir karra isbotladi», deyiladi tuman rahbari tabrigida.
Ushbu muvaffaqiyatni qo‘lga kiritishda tumandagi «Ne’matov Mo‘min», «Gauharbek uli Jondos», «Jamshid Sevara», «Ahmad bobo» kabi fermer xo‘jaliklari hamda «Konimex chordara» va «Yangi G‘azg‘on nurli diyor» mas’uliyati cheklangan jamiyatlari singari bir qator xo‘jaliklar gektaridan ko‘zda tutilgan rejadan ortig‘i bilan yuqori hosildorlikka erishib, barchaga o‘rnak bo‘lishdi.
Tuman rahbari «oq oltin» xirmoniga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan fermerlar bilan birga, bu yumushda yelkadosh bo‘lgan barchani qo‘lga kiritgan zafar bilan qutladi va ularga minnatdorlik bildirdi.
O‘zA