Konimex tumanida sayyor tartibda o‘tkazilgan sud majlisida tuman adliya bo‘limi tomonidan kiritilgan 15 nafar fuqaroning ish stajini tiklash masalasi bilan bog‘liq da’vo arizasi ko‘rib chiqildi.
– Konimex tumanining “Zafarobod” mahallasida yashayman, – deydi Zamira Djurayeva. – Pensiyaga chiqqunimga qadar turli tashkilotlarda ishladim. Lekin pensiya yoshiga yetganimda pulim men tengi ishlaganlardan ancha kam chiqdi. Adliya tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda shu masalada murojaat qilgandim. Ishim ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, osongina hal bo‘ldi. Sudda ishlagan davrlarim uchun ish stajim tiklab berildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 81-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017 yil 29 noyabrdagi “Davlat pensiya ta’minoti bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 44-sonli qarorining 23-bandi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonun 42-moddasi va “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 80-bandiga binoan mehnat daftarchasi ish stajini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanishi ko‘rsatilgan, – deydi Konimex tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Nurali Isroilov. – Arxivga ish haqi to‘g‘risida ma’lumotnomalar taqdim etilmagan holatda yuqoridagi qonun hujjatlariga asosan, mehnat daftarchasi orqali ish stajini tiklash imkoniyati mavjud.
Tumanlararo ma’muriy sudiga kiritilgan da’vo arizalari qanoatlantirilib, Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Konimex tuman bo‘limiga fuqarolarning ish stajlarini inobatga olish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA