Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Konimex: taraqqiyotning yangi bosqichi
12:20 / 2026-02-17

Bugungi kunda Navoiy viloyatining Konimex tumanida ham aholi turmush farovonligini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish va zamonaviy infratuzilmani kengaytirish ishlari jadal davom etmoqda.

Konimex tumanini kompleks rivojlantirish dasturi doirasida 2026-yilda davlat va viloyat byudjetlaridan umumiy 60 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, ushbu mablag‘lar samarali ishlatilishi hisobiga 865,7 milliard so‘mlik loyihalarni amalga oshirish imkoni yaratilmoqda.

– 10-fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan Navoiy viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda har bir tuman va shaharni ularning solishtirma ustunliklaridan kelib chiqqan holda rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi, – deydi tuman hokimi Ruslan Ro‘ziyev. – Aytib o‘tilgan topshiriqlardan kelib chiqqan holda 2026-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarimizni yana bir bor tahlil qilib, aniq chora-tadbirlarni belgilab oldik.

Jumladan, tumanimizda sanoat yo‘nalishida hududiy investitsiya dasturi asosida 8 ta sanoat loyihasi amalga oshiriladi. Xususan, Turkiyaning “Koch Construction” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Navoi Agrafos” qo‘shma korxonasi tashkil etilib, qiymati 125 million dollarlik donador fosforitni qazib olish va qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham yirik loyihalar belgilangan. “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida 20 gektar yerda eksportbop mahsulotlar yetishtiriladi. Shuningdek, 50 gektar yer maydonida sanoatlashtirilgan plantatsiyalar tashkil etiladi. Xitoy Xalq Respublikasining “Jiangsu World Agriculture Machinery” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Navoi World Agrotech” qo‘shma korxonasi tashkil etildi va 1000 gektar maydonda paxta xomashyosi yetishtiriladi. Shuningdek, Mongoliyadan 25 ming bosh naslli qo‘ylar olib kelinmoqda, tuyachilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida ham qator loyihalar amalga oshiriladi. “Ibn Sino” ko‘chasi gavjum va zamonaviy ko‘chaga aylantirilib, yo‘l bo‘yi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari yaratiladi. Shuningdek, turizmni rivojlantirish maqsadida cho‘l hududlarida xorijiy sayyohlar uchun 3 ta o‘tovli lager va 1 ta tibbiy turizm loyihasi amalga oshiriladi. Bu tadbirlar natijasida mahalliy va xorijiy turistlar tashrifi 124 ming nafarga yetkaziladi.

Mahalla infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda: ichki yo‘llar, ichimlik suvi va elektr tarmoqlari yangilanib, 3 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 1 ta tibbiyot va 1 ta sport ob’ekti qurilishi hamda ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Ishsizlik va kambag‘allik darajasi izchil kamaytirilmoqda. 2025-yilda tumanda kambag‘al aholi soni 2,2 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 0,7 ming nafarga tushadi. Ishsizlik darajasi ham 5,5 foizdan 4,9 foizga kamayadi. 2027-yilga kelib esa kambag‘allik darajasini 2 foizga, ishsizlikni 2,8 foizga tushirish rejalashtirilgan.

Tumanda 4 ta mahalla dehqonchilikka, 5 tasi chorvachilikka, 3 tasi savdo va xizmat ko‘rsatishga, 1 tasi sanoatga ixtisoslashtiriladi. Natijada tumanda 393 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, 2786 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va mahalliy byudjetga 78,5 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushiriladi.

Xullas, Konimex tumanida amalga oshirilayotgan kompleks rivojlanish dasturi nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, balki aholi uchun qulay muhit yaratish, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash va turizm salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.

Perizat Mingtayeva,

xalq deputatlari Konimex tumani Kengashi deputati.

O‘zA