Kongo Demokratik Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda 15 kishining hayotiga zomin bo‘lgan yangi Ebola epidemiyasi tarqalganini ma’lum qildi. Bu haqda "Actu-30" portali yozgan.
— Hukumat 4 sentyabr kuni Kasai viloyatida Ebola virusi keltirib chiqaradigan kasallik avj olgani haqida e’lon berdi, — deb yozdi nashr. — Mas’ul idora ma’lumotiga ko‘ra, Bulape va Mveka tumanlarida qayd etilgan 28 holatdan 15 tasi o‘lim bilan yakunlangan.
Xabarni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham tasdiqladi. Tuzilma ma’lumotida qurbonlarning to‘rt nafari tibbiyot xodimi ekaniga urg‘u berilgan. Bemorlarda isitma, qayt qilish, diareya va qon ketish kabi alomatlar kuzatilgan.
JSST hududga yuborish uchun 2000 dozali vaksina zaxirasi mavjudligini aytgan.
Ebola virusi yovvoyi hayvondan odamga yuqadi. Kasallikning birinchi belgilari isitma, mushak uyushishi, bosh va tomoq og‘rig‘i ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Keyin buyrak va jigar faoliyati buziladi, ayrim hollarda ichki va tashqi qon ketishi kuzatiladi.
S.Rahimov, O‘zA