Kongoda BMT missiyasi vertolyoti halokatga uchradi
Kongoda BMT missiyasi vertolyoti halokatga uchrashi oqibatida vertolyot bortidagi 8 nafar kishi halok bo‘ldi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti matbuot kotibi Stefan Dyujarrikning aytishicha, vertolyot bortidagi barcha 8 tinchlikparvar askar halok bo‘lgan. Ular orasida Pokiston qurolli kuchlarining 6 nafar ekipaj a’zosi va 2 nafar harbiy xizmatchi – biri Rossiyadan, biri Serbiyadan bo‘lgan.
Pokistonning 810-raqamli vertolyoti Ruanda va Uganda bilan chegaraga yaqin Shimoliy Kivu osmonida razvedka parvozini amalga oshirayotgan edi. Shimoliy Kivu viloyati gubernatorligi vertolyot “M23 guruhi” tomonidan urib tushirilganini aytdi.
Kongo Demokratik Respublikasi sharqida ikki kundan buyon shiddatli janglar davom etmoqda. “M23 guruhi” qo‘zg‘olonchilari viloyatning ba’zi hududlarini nazorat ostiga olishga harakat qilmoqda.