Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kongo konida fojea: qurbonlar bor
17:25 / 2026-01-31

Kongo Demokratik Respublikasi sharqidagi konda yuz bergan ko‘chki oqibatida 200 dan ortiq odam halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda “The Associated Press” axborot agentligi.

Ta’kidlanishicha, o‘pirilish o‘lkadagi M23 isyonchilari tomonidan nazorat qilinadigan Rubaya konlarida sodir bo‘lgan.

Shimoliy Kivu provinsiyasining isyonchilar tomonidan tayinlangan vakili Lumumba Kambere Muyisaning aytishicha, ko‘chkiga kuchli yomg‘irlar sabab bo‘lgan. 

– Baxtsiz voqea natijasida 200 dan ortiq odam, jumladan, konchilar, bolalar va sotuvchi ayollar halok bo‘ldi, -dedi u. – Ba’zi odamlar o‘z vaqtida qutqarildi, lekin ular og‘ir jarohatlangan. Ayni paytda hududda qazish ishlari vaqtincha to‘xtatildi va kon yaqinida boshpana topgan aholiga boshqa joyga ko‘chirish buyurildi. 

Konchilarning aytishicha, tunnellar qo‘lda qazilgani, sifatsiz qurilgani va ta’mirlanmagani sababli bir necha bor ko‘chki sodir bo‘lgan. 

– Odamlar hamma joyni nazoratsiz, xavfsizlik choralarisiz qazishadi, -deydi mahalliy sobiq konchilardan biri. – Bitta qazilgan chuqur ichida 500 nafargacha ishchi bo‘lishi mumkin va tunnellar parallel o‘tgani sababli bitta qulash bir vaqtning o‘zida ko‘plab chuqurlarga ham ta’sir qiladi.

Rubaya yillar davomida hukumat kuchlari va turli qurolli guruhlar, jumladan, Ruanda tomonidan qo‘llab-quvvatlangan M23 tomonidan zo‘ravonlik tufayli parchalanib ketgan Kongo sharqining markazida joylashgan bo‘lib, uning yaqinda qayta tiklanishi mojaroni kuchaytirdi.

Ma’lumot o‘rnida: Kongo smartfonlar, kompyuterlar va samolyot dvigatellari ishlab chiqarishda asosiy manba bo‘lgan noyob metall tantalni o‘z ichiga olgan qora metall rudasi - koltanning asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi.

AQSH Geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda mamlakat dunyo koltanining taxminan 40 foizini ishlab chiqargan. Dunyodagi tantal ta’minotining 15% dan ortig‘i Rubaya konlaridan olinadi.

2024 yil may oyida M23 shaharni egallab, konlarni nazoratga oldi. BMT hisobotiga ko‘ra, qo‘zg‘olonchilar Rubayani egallab olganidan beri koltan savdosi va transportiga soliq solgan, bu esa oyiga kamida 800 ming dollar daromad keltiradi.

AQSH vositachiligida Kongo va Ruanda hukumatlari o‘rtasida kelishuv imzolangani va muzokaralarga qaramay, Kongo sharqidagi bir qancha frontlarda janglar davom etmoqda, ko‘plab tinch aholi va harbiylar qurbon bo‘lmoqda.

O‘.Alimov, O‘zA