Bugun mamlakatimizda Ramazon hayiti keng nishonlanmoqda. Ushbu qutlug‘ ayyomda yoshi ulug‘ insonlarni yo‘qlash, kam ta’minlangan va imkoniyati cheklangan fuqarolar ko‘nglini so‘rash hamda ularga mehr-muruvvat ko‘rsatish ezgu ishdir.
Shu an’analarga muvofiq “Eriell group” kompaniyasi vakillari Ramazon hayiti arafasida O‘zbekiston nogironlar jamiyatining Bektemir tumani bo‘limida bo‘lib, xayriya aksiyasini o‘tkazdi. Jamiyat a’zolariga dasturxon yozib, oziq-ovqatlar to‘plamlari va mahsulotlar taqdim etdi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston nogironlar jamiyatining Bektemir tumani bo‘limi a’zolari 168 nafarni tashkil etadi. 43 nafari esa 16 yoshgacha bo‘lganlardir.
–Bu insonlar sog‘lig‘idagi muammolar tufayli hatto oddiy harakatlarni ham bajarishga qodir emas, bu esa, o‘z navbatida, kundalik hayotda ma’lum qiyinchiliklar tug‘diradi, –dedi O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Bektemir tuman bo‘limi raisi Nargiza Eshboyeva. – Ushbu muqaddas kunlarda ularni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, oddiygina inson ishtirokiga o‘ta muhtoj jamiyatimiz a’zolariga e’tibor ko‘rsatish juda quvonarli. Eng ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bayram arafasida o‘tkazilgan xayriya aksiyasi, ayniqsa, mehr va e’tiborga muhtoj insonlar uchun muhim tadbirdir.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA