Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘ngillar yaqin, maqsadlar mushtarak
10:30 / 2023-07-14

Qo‘qon shahrida ilk bor o‘tkazilayotgan “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali ynutilmas lahzalarga boy bo‘lmoqda. Festival doirasida sport musobaqalari, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar, taniqli teatr va kino ijodkorlarning ijodiy muloqotlari, mamlakatimizdagi elchixonalar konsullari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

– Ochiq muloqot ruhida o‘tkazilayotgan tadbirlarimiz davomida yoshlarimiz qardosh mamlakatlardan kelgan tengdoshlari bilan hamkorlikda keyingi faoliyati uchun muhim bo‘lgan g‘oyalar va loyihalar ustida fikr almashdi. Biz yuzma-yuz uchrashuvlar tashkil etib, tadbirkorlik sub’ektlarini taklif etgan holda buning uchun imkoniyat yaratib bermoqdamiz, – deydi Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov.

Turkiy tilli yoshlarning “Do‘stlik” kechasi, Qo‘qon shahridagi diqqatga sazovor joylarga sayohat, milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, Rishtondagi xalqaro kulolchilik markazi hamda Uchko‘prik tumanidagi “Mehrigiyo” kichik korxonasining lavanda bog‘lariga tashrif ham ishtirokchi yoshlarga o‘ziga xos kayfiyat ulashdi.

– O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarim yanada boyiganidan mamnunman. Ayniqsa, Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Qo‘qon tarixi bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Bu yerda hozirgacha saqlanib qolgan me’moriy obidalar e’tiborga molik, – deydi qirg‘izistonlik Almira Rustamova. – Ko‘plab do‘stlar orttirdim, ular bilan doimiy aloqada bo‘lib turamiz. Bu kabi tadbirlar bardavom bo‘lishini istardim.

Festival qatnashchilari orasida biznes vakillari talaygina. Yosh tadbirkorlarning o‘zaro fikr almashishi, tajribalarini o‘rganishi kelajakda yuksak natijalarni berishi shubhasiz.

– Mamlakatingizda yoshlar uchun qulay shart-sharoit yaratib berilganini ko‘rib, havasimiz keldi. Suhbatlar chog‘ida yosh tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozli kreditlar ajratilayotgani, startap loyihalar doimiy qo‘llab-quvvatlanishi, yosh iste’dodlar diqqat-e’tiborda ekanini faxr bilan aytib berishdi, – deydi Ozarbayjondan kelgan Narmin Sabrailzoda. – Qator sohalarda “usta-shogird” an’analari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan ekan. Milliy hunarmandchilik an’analarini davom ettirayotgan, o‘zi ham usta darajasiga yetishgan tengdoshlarimiz yaratgan buyumlar kishi hayratini oshiradi.

Ta’kidlash kerakki, Farg‘ona viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayr-sayohatlar, sport musobaqalari davomida yoshlarga xos shijoat va jo‘shqinlik, ko‘tarinki kayfiyat hukmronlik qildi. Turli tillarda jo‘r bo‘lib aytilgan she’r-qo‘shiqlar, ijro etilgan raqslar, samimiy suhbatlar yoshlarni qalban yaqinlashtirdi, ularni ezgu maqsadlar sari ruhlantirdi.  

– Bilasizmi, bizga tarjimon ham kerak bo‘lmayapti, bir-birimizni juda yaxshi tushunyapmiz. Aslida ham tilimiz, dinimiz bir, maqsadlarimiz mushtarak. Xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik esa tinchlikka, taraqqiyotga xizmat qiladi, – deydi turkiyalik mehmon Bedirxan Demir. – Festivalda qatnashayotgan tengdoshlarimiz turli soha vakillari ekan. Kimdir hunarmandchilik, yana kimdir san’at yoki biznes, kimdir ilm sohasi bo‘yicha ma’lum natijaga erishgan. Farg‘onalik do‘stlarimizdan ko‘p narsa o‘rgandik, bilganlarimizni baham ko‘rdik, yangi g‘oyalar paydo bo‘ldi. O‘zbek yoshlaridagi samimiyat, odob, mehnatsevarlik xislatlari juda yoqdi.  

M.Sulaymonov,

O‘zA